O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
2021 yil namunasidagi 20000 so‘m qiymatidagi banknotasi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 20000 so‘m bo‘lgan banknoti o‘lchami 147 x 69 mm qog‘ozda tayyorlangan.
Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi bo‘lgan tuya va “20000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.
Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 3 mm li “dinamik” effektiga ega bo‘lgan, yuqori himoyalangan, uchta to‘rtburchak yo‘l ko‘rinishidagi banknotning ustki qatlamiga chiquvchi himoya ipi joylashtirilgan.
Yorug‘lik manbaida ip to‘liq ko‘rinishga ega bo‘lib, banknotning istalgan qiyalik ko‘rinishida ipdagi tasvirlarda siljish effekti paydo bo‘ladi.
Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – ko‘k, binafsha va jigarranglardan iborat.
Banknot old tomoni chap qismida hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida miloddan avvalgi IV asrda qurilgan, XX asrning 30-yillarida topilgan “QO‘YQIRILGAN QAL’A” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.

Banknot yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori o‘ng burchagida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi siyoh rangda joylashgan.
O‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan siyoh rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.
Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “YIGIRMA MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalanganda bo‘yoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.
Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi halqalar joylashgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi.
Yuqori qismdagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li”ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.
Yuqori chap qismidagi Qoraqalpog‘iston xalqining kashtachilik matolarida qo‘llaniladigan naqsh bezagi tasviri registr vazifasini bajargan holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq naqsh hosil qiladi.
Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi IV asrga tegishli bo‘lgan, Sulton Uvays tog‘laridan janubi-sharqqa qarab ketgan balandliklar tepasida joylashgan “JONBOS QAL’A ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

Ushbu tasvirlar metallograf bosma usulida, ikki xil rang (siyoh rang va jigarrang)da aniq chegaralangan holda bosilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalanganda bo‘yoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.
Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.
Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “20000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “YIGIRMA MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.
Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.