O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
200 000 so‘m qiymatidagi banknotasi
Mazkur banknot mavzusi “Buyuk Ipak yo‘li” hamda mamlakatimiz hududidagi Farg‘ona vodiysining qadimiy tarixiga bag‘ishlangan.
O‘lchami: 152 x 69 mm.
Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “200000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.
Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 4 mm li ko‘k rangli, “siljish” effektiga, “UZB” yozuviga ega bo‘lgan, mikrooptik va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.
Old va orqa tomonlarining asosiy rangi firuza bo‘lib, boshqa ranglar bilan uyg‘unlashgan.
Banknotlar himoyalangan qog‘ozda chop etilgan bo‘lib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplangan.
Banknot old tomoni chap qismida Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashgan “XUDOYORXON O‘RDASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.

O‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan yashil rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.
Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “IKKI YUZ MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalanganda bo‘yoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.
Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi halqalar joylashgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda tasvirlardagi aniqlik yo‘qoladi.
Shuningdek, ultrabinafsha nuri ostida ko‘rinuvchi naqshinkor bezakning yashil rangli fonida “UZB 200000 SO‘M” so‘zi qizil rangda tasvirlangan.
Yuqori qismidagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li” karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.
Yuqori chap qismida “XUDOYORXON O‘RDASI” me’moriy yodgorligidagi naqshinkor bezak tasviri registr vazifasini bajargan holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq tasvir hosil qiladi.
Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi III asrga tegishli qadimiy Farg‘ona davlatining poytaxti bo‘lgan “AXSIKENT ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

O‘ng qismida Farg‘ona vodiysidagi arxeologiya yodgorligi topilmalari – miloddan avvalgi II ming yillikka tegishli sopol idish va ikki boshli ilon ko‘rinishidagi qadimiy tosh tumor tasviri aks ettirilgan.
Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2022” chop etilgan.
Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “200000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “IKKI YUZ MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.
Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.