2023-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida moliyaviy zaifliklar xaritasi, global va O‘zbekiston iqtisodiyotidagi moliyaviy sharoitlar, moliyaviy sektordagi vaziyat, nomoliyaviy sektordagi holat, aktivlar bozoridagi holat, bank tizimi bo‘yicha makro stress-test natijalari, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflar, makroprudensial siyosat asoslarini takomillashtirish imkoniyatlari, moliyaviy barqarorlik uchun ichki va tashqi xatarlar kabi masalalar qamrab olingan.
2023-yil uchun moliyaviy zaifliklar xaritasida uy xo‘jaliklari, ko‘chmas mulk bozori va bank tizimining likvidlilik ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq zaifliklar tahlil qilingan.
Moliya sektori qismida bank va nobank moliya sektorlari, kapital bozori, nomoliyaviy sektori qismida esa korporativ hamda uy xo‘jaligi sektorlari moliyaviy ahvoli qayd etilgan.
Aktivlar bozori qismida ko‘chmas mulk bozori holati, bunda uy-joy narxlarining bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi tafovutlari baholandi. Shuningdek, avtoulov bozoridagi holat atroflicha tahlil qilindi.
O‘zbekiston bank tizimining shoklarga bardoshliligini baholash bo‘yicha asosiy va xatarli ssenariylarga asoslangan makro stress-test natijalari, xususan, xatarli ssenariy uchun alohida qo‘shimcha shoklar berish orqali bank tizimi bardoshliligi baholandi.
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflar qismida iqlim o‘zgarishining ma’lumotlar paneli shakllantirilib, O‘zbekiston uchun joriy holatdagi xavf darajasi o‘rganildi.
Makroprudensial siyosat asoslarini takomillashtirish yo‘lida kontrsiklik kapital buferini joriy qilish zarurati va mexanizmi ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, ushbu sharhda O‘zbekiston moliya tizimi barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy ichki va tashqi xatarlar va ularni yengillashtiruvchi choralar ham yoritilgan.