2023-yil I yarim yilligi uchun moliyaviy barqarorlik sharhida global va O‘zbekiston iqtisodiyotidagi makromoliyaviy holat, moliyaviy va nomoliyaviy sektordagi vaziyat, aktivlar bozori, xususan ko‘chmas mulk hamda avtoulov bozorlari holati, bank tizimi bo‘yicha makro stress-test natijalari hamda makroprudensial siyosat asoslarini takomillashtirish imkoniyatlari kabi masalalar qamrab olingan.
Dastlab, 2023-yil I yarim yilligi uchun moliyaviy zaifliklar xaritasi keltirilgan bo‘lib, unda aholining qarz majburiyatlarini bajarish holati bilan bog‘liq xavotirlar ortib borayotganligi, O‘zbekiston hududida uy-joylarning real narxlarida davomiy o‘sish sur’atlari saqlanib qolayotganligi, shuningdek banklarning likvidlilik ko‘rsatkichlari sezilarli pasayganligi qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, jahon va O‘zbekistondagi moliyaviy sharoitlar holati tahlil qilindi.
Moliya sektori tahlili qismida bank va nobank moliya sektorlari, kapital bozori, nomoliyaviy sektori qismida esa korporativ hamda uy xo‘jaligi sektorlari qamrab olindi.
Aktivlar bozori qismida ko‘chmas mulk bozori holati o‘rganilgan bo‘lib, bunda uy-joy narxlarining bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi tafovut sabablari va ular bilan bog‘liq xatarlar batafsil yoritildi. Shuningdek, avtoulov bozoridagi holat atroflicha tahlil qilindi.
O‘zbekiston bank tizimining turli shoklarga bardoshliligini baholash uchun asosiy va xatarli ssenariylarga asosan makro stress-test o‘tkazildi. Shu bilan birga, xatarli ssenariy uchun alohida qo‘shimcha shoklar berish orqali bank tizimi bardoshliligi baholandi.
Ushbu sharhda O‘zbekiston moliya tizimi barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy xatarlar va ularni yengillashtiruvchi choralar ham keltirib o‘tilgan.