2022-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida makromoliyaviy zaifliklar, moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatarlar, bank sektori, ko‘chmas mulk bozori, turli xil shoklarga bank tizimining bardoshlilik holati kabi masalalar qamrab olingan.
Moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatarlarni soddaroq ifoda etish maqsadida Moliyaviy zaifliklar xaritasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, 2022-yilda jahondagi moliyaviy sharoitlar holati hamda 2023-yilda xalqaro bank tizimida yuzaga kelgan noaniqliklar hamda moliyaviy barqarorlik xatarlari tahlil qilindi.
Bank sektori qismida O‘zbekiston bank tizimidagi umumiy stress holatini aniqlash va yagona umumiy ko‘rsatkichga keltirish maqsadida moliyaviy stress indeksi ishlab chiqildi hamda 2022-yil yakuniga O‘zbekistonda bank tizimining moliyaviy stress holati yaxshilanganligi aniqlandi.
Kredit bozori, banklarning moliyaviy barqarorlik va bank tizimi bardoshliligi holatlari bo‘yicha xatarlar xaritasi, bank tizimining moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari, shu jumladan qarz yuki xatarlari tahlil qilindi.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulk bozori qismida uy-joyning fundamental narxi aniqlandi hamda uy-joy narxlarining bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi tafovut sabablari batafsil yoritildi.
Asosiy va xatarli ssenariylar asosida makro stress-test natijalari olindi. O‘z navbatida, xatarli ssenariyga ko‘ra kapital monandligi ko‘rsatkichi bo‘yicha minimal me’yoriy talabni bajara olmagan banklarning ehtimoliy defoltga uchrashining boshqa banklarga tarqalish xavfi baholandi. Bundan tashqari, xatarli ssenariy uchun alohida qo‘shimcha shoklar berish orqali bank tizimi bardoshliligi baholandi.
Ushbu sharhda O‘zbekistonda kontrsiklik kapital buferini joriy qilish imkoniyatlari bo‘yicha dastlabki o‘rganishlar natijalari ham qamrab olingan.