Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

2025-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhi e’lon qilindi

Yangilangan sana: 7 Iyul 2026, 16:40

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2025-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhi tayyorlandi. Sharh 2026-yil 1-yanvar holatidagi ma’lumotlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda makromoliyaviy sharoitlar, moliya sektoridagi tizimli xatarlar, bank tizimining barqarorligi, uy xo‘jaliklari qarz yuki, ko‘chmas mulk bozoridagi tendensiyalar, makro stress-test natijalari va makroprudensial siyosat choralari tahlil qilingan.

Sharh natijalariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda moliyaviy sharoitlar nisbatan yengillashdi. Bunga global noaniqliklarning bir qadar pasaygani, bank sektori ko‘rsatkichlarining yaxshilangani, ichki valyuta bozoridagi ijobiy o‘zgarishlar va makroiqtisodiy faollik yordam berdi. 2025-yilda real YaIM o‘sishi 7,7 foizni, yillik inflyatsiya esa 7,3 foizni tashkil etdi.

Bank sektori 2025-yil yakunida moliyaviy barqaror va xatarlarni qoplash salohiyati yuqori tizim sifatida shakllandi. Banklarning daromadliligi oshgani, depozitlar hajmi kengaygani va muammoli kreditlar kamaygani bank tizimining to‘lov qobiliyatini mustahkamladi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, jami regulyativ kapital monandlilik koeffitsiyenti (CAR) 18,3 foizni, I darajali asosiy kapital monandlilik koeffitsiyenti (CET1) 14,7 foizni tashkil etdi. Likvidlikni qoplash me’yori koeffitsiyenti (LCR) 208 foiz, sof barqaror moliyalashtirish me’yori koeffitsiyenti (NSFR) esa 120 foiz darajasida shakllandi. Muammoli kreditlar ulushi 3 foizgacha pasaydi.

Uy xo‘jaliklari sektorida umumiy qarz yuki biroz pasaydi. Bankdan kredit olgan aholining bank va bankdan tashqari majburiyatlari inobatga olingan o‘rtacha qarz yuki (DSTI) ko‘rsatkichi 38 foizdan 37 foizgacha tushdi. Ipoteka va avtokreditlar bo‘yicha qarz yuki pasaygani qayd etildi. Shu bilan birga, mikroqarzlar segmentida yuqori faollik saqlanib qolmoqda, xususan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha DSTI 40 foizgacha ko‘tarildi, mikroqarz oluvchilar soni qariyb 2,7 mln kishini tashkil etdi.

Ko‘chmas mulk bozorida narxlarning shakllanishida fundamental omillar ta’siri ortgan. 2025-yil yakunida uy-joylarning so‘mdagi bozor narxi yillik hisobda 4,8 foizga kamaydi, xorijiy valyutadagi ekvivalentda esa 1,5 foizga oshdi. Nominal ish haqi 19 foizga o‘sishi va ipoteka shartlarining yengillashishi uy-joy xarid qilish qobiliyatini yaxshiladi. Turar joy bilan bog‘liq notarial rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalari 15 foizga ko‘payib, 295,4 mingtani tashkil etdi.

Bank sektori bo‘yicha makro stress-testlar salbiy, ammo ehtimoli past bo‘lgan sharoitlarda bank tizimining bardoshliligini baholashga qaratilgan. Xatarli ssenariy bo‘yicha 2028-yil yakunida I darajali asosiy kapital monandlilik koeffitsiyenti 5,6 foizgacha, jami regulyativ kapital monandlilik koeffitsiyenti esa 6,8 foizgacha pasayishi mumkinligi baholangan. Likvidlik stress-testida bank tizimi bo‘yicha sof pul kirimi umumiy hisobda musbat saqlanishi ko‘rsatilgan.

2025-yilda makroprudensial siyosat vositalari Basel III standartlariga mos ravishda takomillashtirildi. Kapital konservatsiya buferi 2,5 foiz, kontrsiklik kapital buferi 1,5 foiz, tizimli ahamiyatga molik banklar uchun kapital bufer esa 1 foiz etib belgilandi. Qarz oluvchilarga yo‘naltirilgan vositalar doirasida barcha kredit turlari bo‘yicha DSTI talabi 50 foizgacha qat’iylashtirildi, avtokreditlar uchun kredit summasining garov qiymatiga nisbati (LTV) 75 foiz, ipoteka kreditlari uchun 80-85 foiz darajasida belgilandi.

Sharhda O‘zbekiston moliyaviy barqarorligi uchun asosiy xatarlar ham ko‘rib chiqilgan. Geosiyosiy beqarorlik ta’sirida global moliyaviy sharoitlarning qat’iylashishi va mikroqarzlar bo‘yicha kredit xatari, kiberxatarlar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavotirlarning ortishi alohida e’tibor talab qiladi.

Umuman olganda, 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy tizim barqarorligi saqlanib qolmoqda. Banklarda kapital va likvidlik ko‘rsatkichlari o‘rnatilgan me’yorlardan yuqori, kredit portfeli sifati yaxshilangan, makroprudensial siyosat vositalari esa tizimli xatarlarning oldini olishga qaratilgan himoya mexanizmlari sifatida takomillashtirilmoqda.

Moliyaviy barqarorlik sharhining qisqa tavsifi va to‘liq tasnifi bilan tanishish.




Ulashish:

 
USD = 12101.84
+53
EUR = 13811.83
+70.13
RUB = 153.75
+0.87
GBP = 16183.79
+74.49
JPY = 74.08
+0.18
CHF = 14854.35
+26.83
CNY = 1787.65
+8.65
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X