Markaziy bank boshqaruvi banklar (mikromoliya banklari mustasno) uchun kontrsiklik kapital bufer darajasini 1,5 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Kontrsiklik kapital bufer darajasini aniqlashda samarali ko‘rsatkichlarning tahlili mamlakatda standart xatar muhiti kuzatilganini va makromoliyaviy sharoitlar yengillashganini ifodalab, bank tizimi bo‘yicha kontrsiklik kapital buferning ijobiy darajasini saqlab qolish maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, tijorat banklarining kredit portfeli sifati yaxshilandi. Xususan, muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi 2026-yilning 1-iyul holatiga 3,6 foizni tashkil etdi va yillik hisobda 0,2 foiz bandga kamaydi.
Banklarning daromadlilik ko‘rsatkichlarida ijobiy tendensiyalar kuzatildi. Jumladan, 2026-yilning I yarim yilligida bank tizimi sof foydasi 11 trln so‘mda shakllanib, 2025-yilning mos davriga qaraganda 69 foizga ortdi.
Shu bilan birga, 2025-yilda bankdan kredit olgan aholining bank va bankdan tashqari barcha majburiyatlarini inobatga olgan holdagi o‘rtacha qarz yuki darajasi 2024-yildagi 38 foizdan 37 foizgacha pasaydi.
2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, bank tizimi bo‘yicha I darajali asosiy va jami regulyativ kapital monandlik koeffitsiyentlari mos ravishda 15 va 18,5 foizni tashkil etdi.
Bundan tashqari, banklar uchun kontrsiklik kapital bufer darajasini belgilash asoslariga muvofiq miqdoriy yondashuvlarning natijalari orqali baholangan zaruriy kontrsiklik kapital bufer darajasi o‘zgarishsiz shakllandi.
Markaziy bank boshqaruvi joriy makromoliyaviy sharoitlarni inobatga olgan holda bank tizimining barqarorligini yanada mustahkamlash, davriy tizimli xatarlarni yuzaga kelishini oldini olish hamda bank tizimi bardoshligini saqlab qolish maqsadida kontrsiklik kapital bufer darajasini o‘zgarishsiz qoldirdi.










