Soʻnggi oylarda iqtisodiyotda yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlarning saqlanib qolayotganligi fonida inflyatsiya darajasining prognozga nisbatan sekinroq pasayishi va inflyatsion kutilmalarning yuqori shakllanayotganligi kuzatilmoqda. Joriy yil yakunida umumiy inflyatsiya prognoz koridorining yuqori chegaralarida boʻlishi kutilmoqda.
Inflyatsion jarayonlarni va kutilmalarni hamda oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetigacha pasaytirishga zamin yaratish maqsadida pul-kredit sharoitlarining qatʼiyligi joriy darajada saqlab qolindi.
Soʻnggi ikki oyda yillik inflyatsiya darajasi biroz pasayib, noyabr oyi yakunida 10 foizni tashkil etdi. Inflyatsiyaning pasayishi, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi hisobiga yuzaga keldi. Iqtisodiyotda shakllanayotgan yuqori isteʼmol va investitsion faollik yalpi talabni qoʻllab-quvvatlashi hisobiga xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narxlarida oʻsish xatarlari saqlanib qolmoqda.
Aholining birlamchi ehtiyojlari doirasidagi ayrim xarajatlarning oʻzgarishi va ob-havo sovushi bilan energiya narxlari erkinlashtirilishining ikkilamchi taʼsirlari yuzaga chiqishi iqtisodiyot subyektlarining inflyatsion kutilmalarida ham namoyon boʻlmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 13,7 va 12,7 foizgacha tezlashdi.
Soʻnggi toʻrt oy davomida bazaviy inflyatsiyaning 7,0 foiz atrofida sezilarli oʻzgarishsiz shakllanayotgani, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar bazaviy inflyatsiyasining nisbatan yuqori darajalari hamda chakana savdo va xizmatlar sohasida tushumlar hajmlarining oshib borayotgani iqtisodiyotda talab omillari taʼsirining saqlanib qolayotganligini koʻrsatmoqda.
Shuningdek, yalpi talabning barqaror oʻsish surʼatlari va mehnat bozoridagi faollik mavjud inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishiga ishora bermoqda. Iqtisodiyotda ish haqi va transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining oshib borayotgani aholi daromadlarini real hisobda oshirib, yuqori investitsion faollik sharoitida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Natijada, yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 2024-yilning ikkinchi yarmida ham barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Aholi real daromadlarining oshishi sharoitida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni samarali jilovlash yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni taʼminlashni, bu esa, oʻz navbatida, pul-kredit sharoitlari qatʼiyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qogʻozlari daromadliligi darajalari pul-kredit sharoitlari nisbatan qatʼiy darajada shakllanayotganini koʻrsatmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini oshirmoqda. Kreditlash surʼatlarining maqbul darajada oʻsishi va depozitlar oʻsishining yuqori surʼatlari umumiy talabni muvozanatlashtirib, inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini kamaytirishi kutilmoqda.
Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda oʻrta muddatli narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadidan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qatʼiy darajada shakllanishi taʼminlab boriladi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar surʼatlariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka oshirish tomonga qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 23-yanvarga belgilangan.