Markaziy bank Jahon banki bilan hamkorlikda xalqaro amaliyotga mos zamonaviy nazorat funksiyalarini takomillashtirish asoslarini yaratish loyihasini amalga oshirmoqda.
Mazkur loyiha Jahon bankining litsenziyalash, prudensial nazorat bo‘yicha texnik hamkorlik dasturi doirasida, Jahon bankining Matey Doxotaru boshchiligidagi ekspertlar guruhi bilan birgalikda tatbiq etilmoqda.
Jahon banki ekspertlari guruhi Markaziy bankning hisobotlarni tayyorlashni yaxshilash va SurTech nazorat texnologiyalarini qo‘llashga yo‘naltirilgan hisobot tizimini baholaydi.
Jahon bankining hisobot tizimini baholashga mas’ul mutaxassislari Markaziy bankning asosiy departamentlari va tijorat banklarida uchrashuvlar o‘tkazib, hisobotlarga va ularni tayyorlash jarayoniga qo‘yilayotgan joriy talablarni o‘rganadi. O‘rganish natijalari hisobot tayyorlash jarayonlarini takomillashtirish va avtomatlashtirish borasida tavsiyalar ishlab chiqishda foydalaniladi.
Shu bilan birga, Jahon banki ekspertlari “Bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining a’zolarini, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarini baholash, malaka talablariga muvofiqlik mezonlarini tekshirish to‘g‘risida”gi nizom loyihasini ko‘rib chiqadi va uni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Ekspertlar guruhi banklar rahbarlari va xodimlarning professional malaka va muvofiqlik mezonlarini baholash tizimini qo‘llashning muhim jihatlari borasida trening o‘tkazadilar.