Markaziy bankda Moliyaviy sektorni baholash dasturi (FSAP) doirasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki ekspertlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Markaziy bank raisi M.Nurmuratov Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) mamlakat moliya sektorining barqarorligining tahlili va yanada rivojlanishida asosiy vosita sifatida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining tajribali ekspertlaridan iborat qo‘shma guruhi mavjud normativ-huquqiy bazani hamda to‘lov va hisob-kitob tizimini, shuningdek bank va nobank moliya sektorlari barqarorligini tahlil qiladi. Shu bilan birga, baholash missiyasi doirasida stress-testlar, tizimli risklarni, jumladan, banklar va nobank tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalar tahlil qilinadi hamda moliya regulyatorlarining tizimli stress sharoitida samarali tartibga solish qobiliyatlari baholanadi.
Baholash dasturida Markaziy bankdan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, tijorat banklari va boshqa tegishli idoralar ham ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun: Moliya sektorini baholash dasturi XVJ va Jahon banki tomonidan 1999-yildan buyon mamlakatlar moliya sektori barqarorligini har tomonlama va chuqur tahlil qilish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda. Bunda, XVJ barqarorlik jihatlariga va Jahon banki moliyaviy tizimni rivojlantirish ehtiyojlariga e’tibor qaratadi. Baholash dasturi natijalari bo‘yicha kelgusida islohotlarni amalga oshirish, shuningdek, moliya tizimining salohiyatini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.










