Oʻzbekiston “Islomiy bank tizimini joriy etish: Barqaror moliyaviy tizim sari yuksalish” mavzusida XX Xalqaro islomiy moliya olimlari forumi (ISSF 2025) ga mezbonlik qildi
Oʻzbekiston poytaxtidagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida “Islomiy bank tizimini joriy etish: Barqaror moliyaviy tizim sari yuksalish” mavzusida XX Xalqaro islomiy moliya olimlari forumi (ISSF 2025) boʻlib oʻtdi. Forumni INCEIF universiteti va uning ISRA instituti Al Muamalat Consulting (Oʻzbekiston) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tadbirning strategik hamkori sifatida uni xalqaro darajada oʻtkazilishini taʼminladi. Shuningdek, mamlakatdagi yetakchi tijorat banklari va moliya tashkilotlari forumni qoʻllab-quvvatladi.
Forumning asosiy maqsadi
Forumning asosiy mavzusi islomiy moliyani rivojlantirish, ilgʻor amaliyotlarni moliya tizimiga joriy etish, olimlar, regulyatorlar, standartlarni belgilovchi tashkilotlar va soha mutaxassislari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash hamda islomiy huquqqa oid masalalar yuzasidan fikr almashish maydonini yaratishga qaratildi.
Forum doirasida islomiy bank tizimiga oʻtish jarayoni, bankni islomiy bankka transformatsiya qilishda korporativ boshqaruv masalalari, moliyaviy mahsulotlar, huquqiy va meʼyoriy qiyinchiliklar, amaliyotdagi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Forum ishtirokchilari
ISSF 2025 dunyo miqyosidagi yetakchi olimlar, mutaxassislar va amaliyotchilarni birlashtiradi. Forumda Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqi prezidenti prof. d-r Ali Muxyiddin al-Qoradogʻiy, islom iqtisodi va moliyasi boʻyicha ekspert prof. d-r Monzer Kahf, islom bankchiligi boʻyicha maslahatchi d-r Muhammad Imron Usmoniy, shuningdek INCEIF va ISRAdan taniqli olimlar — Datuk prof. d-r Mohamad Akram Laldin, prof. d-r Aznan Hasan, prof. d-r Enku Rabiya Adaviya, prof. d-r Said Buxeraua, prof. d-r Yunus Sualhi, prof. d-r Obiyatulla Ismat Bacha, d-r Marjan Muhammad qatnashdi. Shuningdek, xalqaro ekspertlardan d-r Nizom Yakubiy va d-r Sami al-Suvaylem (IsDB Institute) ham ishtirok etdi.
Memorandum imzolanishi
Alohida qayd etish kerakki, forum doirasida Markaziy bankda INCEIF bilan birgalikda oʻquv dasturlari, trening va seminarlar tashkil qilish, islomiy moliya sohasida qoʻshma tadqiqotlar olib borish yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlik qilishga qaratilgan anglashuv memorandumi ham imzolandi. Ushbu memorandumga asosan INCEIF bilan islom moliyasi sohasidagi 4 ta kitobni oʻzbek tiliga tarjima qilib, foydalanuvchilarga taqdim qilishga kelishib olindi.
ISSF 2025 Oʻzbekiston uchun islom moliyasi sohasida muhim qadam boʻlib, tegishli huquqiy va meʼyoriy asoslarni takomillashtirishga, inson kapitali va institutsional salohiyatni rivojlantirishga, shuningdek mamlakatning islom moliyasida mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forum ochilishi
Ochilish marosimida INCEIF universiteti rahbariyati, Al-Muamalat Consulting asoschisi Iskandar Tursunov va Oʻzbekiston Markaziy banki raisining oʻrinbosari Abrorxoʻja Turdaliyev nutq soʻzladilar. Abrorxoʻja Turdaliyev islomiy moliya tizimining mamlakatdagi istiqbollari haqida soʻzladi.
1-kun — 17-sentyabr
Birinchi kun sessiyalari:
- Islomiy bank modellari: d-r Marjan Muhammad (Malayziya), sheyx d-r Muhammad Nizom Salix Yaqubiy (Bahrayn), sheyx d-r Bashir Aliyu Umar (Nigeriya).
- Xulosa: turli modellarning (islomiy bank, “shuʼba tashkilot” va islomiy “darcha”) afzalliklari va kamchiliklari taqqoslandi. Oʻzbekiston uchun milliy qonunchilik va bozor talablariga uygʻun yechim tanlash muhimligi qayd etildi.
- Shariat boshqaruvi roli: Sheyx prof. d-r Ali Muxyiddin al-Qoradogʻiy (Qatar), Sheyx Datuk prof. d-r Muhammad Akram Laldin (Malayziya), d-r Abdulbariy Mashal (AQSH), d-r Said Adequnle Mikail (Nigeriya).
- Xulosa: islom bankchiligining shaffofligi samarali shariat qoʻmitalari va ichki nazorat tizimlarini shakllantirishga bogʻliqligi taʼkidlandi.
- Maqasid al-Shariah moliyaviy mahsulotlarda: prof. d-r Yunus Sualhi (Jazoir), Sheyx prof. d-r Aznan Hasan (Malayziya), d-r Sami Suaylem (Saudiya Arabistoni).
- Xulosa: moliyaviy mahsulotlar nafaqat foyda, balki ijtimoiy adolat va jamoat manfaatlariga xizmat qilishi kerakligi belgilandi.
2-kun — 18-sentyabr
Ikkinchi kun asosiy maʼruzasini Sheyx prof. d-r Ali Muxyiddin al-Qaradagʻiy (Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqi prezidenti) soʻzladi. U islom bankchiligining barqaror moliya va global iqtisodiyotdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi .
Kun sessiyalari:
- Huquqiy va meʼyoriy qiyinchiliklar: d-r Mazlan Hussayn (Malayziya), prof. d-r Engku Rabiya Adaviya (Malayziya), d-r Muotaz Abujeib (Suriya).
- Xulosa: anʼanaviy mahsulotlarni islomiy muqobillari bilan almashtirish jarayonida qonunchilik uygʻunligi va global standartlarga moslashish zarurligi qayd etildi.
- Shariat masalalari va yechimlar: Sheyx prof. d-r Aznan Hasan (Malayziya), mr. Alxazur Tazbayev (Rossiya), Jumadiy Qodir (Malayziya), Nasser Xidyur (Aljir).
- Xulosa: yangi shartnomalarga oʻtish, man qilingan elementlarni bartaraf etish va xalqaro tajribalarni integratsiya qilish yoʻllari muhokama etildi.
- Islomiy bank va ijtimoiy moliya uygʻunligi: d-r Muhammad al-Bashir Muhammad al-Amin (Chad), Sheyx d-r Muhammad Nizom Salix Yaqubiy (Bahrayn), Jo Bradford (AQSH), prof. d-r Obiyatulla Ismat Bacha (Malayziya).
- Xulosa: zakot, vaqf va sadaqa kabi ijtimoiy vositalarni bank mahsulotlari bilan uygʻunlashtirish orqali moliyaviy ommaboplikni kuchaytirish va jamoatchilikni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlari koʻrsatildi.
Forum yopilishi
Yopilish marosimida Markaziy bank vakillari, Al-Muamalat Consulting rahbari hamda prof. d-r Said Buxeraua (ISRA) ishtirok etdilar. Forumning umumiy xulosalari va rezolyutsiyasi eʼlon qilindi .
ISSF 2025 ikki kunlik muhokamalar davomida islomiy moliya sohasidagi nufuzli olimlar va mutaxassislarni Toshkentda toʻpladi. Forum Oʻzbekiston uchun inson kapitalini rivojlantirish, islomiy moliya boʻyicha huquqiy asoslarni takomillashtirish va islomiy bankchilikni joriy etishda muhim bosqich boʻldi.