Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025 yilning oktyabr oyidagi yig‘ilishlarida (7 marta) 24 ta masala ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 14 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (3 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (2 ta), mikromoliya tashkilotini reyestrdan chiqarish (1 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (5 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek jinoyiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan masalalar ham muhokama qilindi.
Prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi, o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari talablariga belgilangan tartibda muvofiqlashtirmaganligi hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 1 ta bank va 1 ta to‘lov tashkiloti chora va sanktsiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, Markaziy bank talablari va o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari davomida, hamda jinoyiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilinishida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 3 ta bank, 5 ta mikromoliya tashkiloti va 2 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanktsiyasi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, “TEZPAY” va “NATIONAL PAY” aksiyadorlik jamiyatlarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun to‘lov tashkilotlariga to‘lov xizmatlarining va (yoki) operatsiyalarning ayrim turlarini amalga oshirishni, jumladan elektron shakldagi to‘lovlarga ishlov berish va to‘lovni amalga oshirish uchun zarur axborotni bankka berish yoki mazkur to‘lovlar bo‘yicha pul mablag‘larini qabul qilish va pul o‘tkazmalari tizimi orqali pul mablag‘larini qabul qilish va amalga oshirish joriy yil 13-noyabrdan boshlab olti oy muddatga chekladi.
Bank nazorati qo‘mitasi joriy yilning oktyabr oyida qirqdan ortiq masalani ko‘rib chiqdi
Yangilangan sana: 29 Noy 2025, 16:05