Markaziy bank boshqaruvining “Banklarga oʻrnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha toʻlovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori Adliya vazirligida 2025-yil 18-dekabrda 3618-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Mazkur qarorga muvofiq kredit tavakkalchiligini kamaytirish va aholi qarz yuki darajasini maqbul darajada saqlab turish maqsadida qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichiga (Debt-to-income) doir talab kiritilmoqda.
Qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichi – kredit boʻyicha asosiy qarz miqdorini qarz oluvchi oʻrtacha oylik daromadi miqdoriga boʻlish orqali aniqlanadi. Qayd etish oʻrinliki, mazkur koʻrsatkichga doir talablar Tailand, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Norvegiya, Slovakiya, Latviya, Belgiya, Yangi Zelandiya va Qozogʻiston kabi mamlakatlarda joriy qilingan.
Bunda, qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichi faqatgina isteʼmol kreditlari, mikroqarzlar va kredit kartalari (overdraftlar) taqdim etilganda hisoblanishi belgilanmoqda. Oʻz navbatida mazkur talab yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar hamda taʼlim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qarz oluvchi daromadlarini quyidagi tasdiqlovchi hujjat va maʼlumotlardan (rasmiy daromad) foydalangan holda aniqlash imkoniyati mavjud boʻlsa, qarzning daromadga nisbati 8 barobardan oshmasligi lozim:
ish haqi toʻgʻrisidagi tasdiqlangan maʼlumotlar;
pensiya miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya badallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat soliq xizmati organlari tomonidan tasdiqlangan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi;
foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Oʻz navbatida, oʻrtacha oylik daromadlar yuqoridagi hujjatlar orqali emas, balki muqobil manbalardan (norasmiy daromad), shu jumladan qarz oluvchining bank hisobvaraqlariga tushgan tushumlar yoki soʻndirilgan krediti boʻyicha toʻlovlarni inobatga olgan holda aniqlansa qarzning daromadga nisbati 5 barobardan oshmasligi lozim.
Shu bilan birgalikda, oʻzini oʻzi band qilgan shaxs boʻlgan qarz oluvchilar uchun qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichi 8 barobardan oshmasligi belgilanmoqda.
Bunda, bank portfelining 15 foizigacha oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida birinchi marta roʻyxatdan oʻtganiga 6 oydan oshmagan qarz oluvchilarga kreditlar berishda ularning qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichi inobatga olinmasligi yoki hisoblanmasligi mumkin.
Yuqoridagilardan tashqari, mazkur qarorga muvofiq qarz oluvchi oʻrtacha oylik daromadlarini aniqlashda muqobil manbalardan foydalanish imkoniyati kengaytirilmoqda. Xususan, qarz oluvchi bankka murojaat qilgan sanadan oldingi 18 oy ichida soʻndirilgan krediti boʻyicha toʻlovlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan daromadlarni aniqlash maqsadida foydalanish mumkin.
Hujjat bilan ushbu havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin.