Joriy yilning 11-fevral kuni O‘zbekiston Pul bozori ishchi guruhining navbatdagi o‘n ikkinchi yig‘ilishi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) G‘aznachilik departamenti rahbari Aksel van Nedervin, shuningdek ekspertlar Oud Pakat va Eldor Zakirovlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tashrif buyurdi.
Markaziy bank rahbariyati hamda mutaxassislari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda so‘nggi makroiqtisodiy sharoitlar, bank tizimi likvidligi shakllanishi holati, Markaziy bankning likvidlikni tartibga solishda asosiy operatsiyalar o‘rni va ularning hajmi, banklararo pul bozoridagi faollik hamda foiz stavkalari shakllanishi masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilar amaldagi hamkorlik yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdilar va kelgusidagi rejalarni belgilab oldilar.
Kun tartibi doirasidagi navbatdagi tadbir tijorat banklari g‘aznachilari ishtirokidagi pul bozori ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish doirasida bank tizimi likvidligining joriy holati, banklararo pul bozoridagi faollik hamda foiz stavkalari shakllanishi dinamikasi muhokama qilindi.
Pul bozori ishtirokchilari salohiyatini oshirish va xalqaro tajriba almashish maqsadida likvidlikni boshqarish hamda valyuta kursi o‘zgarishi xatarlarini xejirlashda valyuta svoplaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, foiz stavkalari o‘zgarishi sharoitida foiz riskini boshqarish masalalari muhokama qilindi. Ekspertlar tomonidan foiz svoplari eng ko‘p sotiladigan vosita hisoblangan jahon derivativlar bozori namunasi taqdim etildi.
Bundan tashqari, 2025 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan hamda tijorat banklari balanslaridagi risklarni boshqarish, bank mahsulotlariga narx belgilash bo‘yicha qarorlar qabul qilish, shuningdek virtual ssenariylarda foiz svoplaridan foydalanish kabi mavzularni qamrab olgan simulyatsion trening yakunlari sarhisob qilindi.
Shu bilan birga, Markaziy bank, tijorat banklari va ekspertlar o‘rtasida ochiq savol-javob o‘tkazilib, amaliyot masalalari hamda kelgusidagi hamkorlik mavzulari muhokama qilindi.