O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘rtasida ilmiy va akademik hamkorlik bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum tomonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda moliya tizimi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy maqolalar va nashrlar tayyorlash, axborot resurslari hamda ilmiy ma’lumotlar bazalaridan birgalikda foydalanish, shuningdek, konferensiya, forum, seminar va treninglar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Markaziy bank mutaxassislari JIDU talabalari uchun mahorat darslari va seminar-treninglar o‘tkazadi, o‘quv rejalarini zamonaviy ilmiy va amaliy talablarga moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar beradi hamda talabalar ilmiy ishlariga maslahatchi sifatida jalb etiladi.
Memorandum doirasida JIDUning bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlari bitiruvchilari uchun Markaziy bankda amaliyot o‘tash imkoniyatlari kengaytiriladi. Universitet doktorantlarining ilmiy ishlari Markaziy bank uchun dolzarb bo‘lgan mavzular bilan bog‘lanadi.
Bundan tashqari, Markaziy bank xodimlari uchun JIDUda tadqiqot metodlari, ma’lumotlar ilmi, makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot yo‘nalishlarida maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Tomonlar, shuningdek, innovatsion va startap ekotizimini rivojlantirish, istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari orqali rivojlantirish, tijoratlashtirish hamda investitsiyalar jalb etish masalalarida ham hamkorlik qiladi.
Mazkur memorandum ilm-fan, ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston moliya tizimi uchun ilmiy asoslangan yondashuvlar va malakali kadrlar salohiyatini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.