Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Markaziy bank xabari

Yangilangan sana:  2 Avg 2022, 19:28
2 Avg 2022

Soʼnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali “Fuqarolarni bank kartasidan pul yechib olinishi” bilan bogʼliq tarqatilayotgan ovozli xabarlar yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi.

Bank kartasining egasiga, uning roʼyxatdan oʼtgan telefon raqamiga SMS orqali yuborilgan bir martalik tasdiqlovchi kodni kiritmasdan turib mobil ilovadan roʼyxatdan oʼtish yoki kartani mobil ilovaga biriktirish mumkin emas.

Bank kartalarining xavfsizligini taʼminlash uchun hozirgi kunda yetarlicha choralar koʼrilgan. Bank kartasi toʼgʼrisidagi maʼlumotlari va uning PIN-kodini ishlatmasdan, uni mobil ilovalarga biriktirmasdan turib, bank kartasidagi pul mablagʼini yechib olish yoki uni boshqarish imkoniyati yoʼq. Xususan, bank kartasidan mobil ilovalar orqali foydalanish uchun bank kartasining egasiga bir martalik tasdiqlovchi kod yuboriladi. Mazkur kodni belgilangan vaqt oraligʼida tizimga kiritmasdan turib kartani mobil ilova akkauntiga biriktirish mumkin emas.

Bank kartalaridan pul yechib olish holatlari bank kartasidan foydalanishda ayrim fuqarolarni firibgarlarning aldoviga ishonib, oʼziga tegishli boʼlgan shaxsiy yoki karta maʼlumotlarini oshkor etishlari natijasida kuzatilmoqda.

Karta foydalanuvchilari firibgarlik holatlarining oldini olish uchun quyidagi xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari zarur:

Bank plastik kartani olgandan soʼng faqat oʼzingizning telefon raqamingizga SMS xabarnoma xizmatini ulang;

SMS xabarnoma orqali kelgan bir martalik tasdiqlash kodini hech kimga oshkor etmang. Unutmang, bank yoki toʼlov tashkilotining xodimlari hech qachon sizga yuborilgan tasdiqlash kodlarini, kartangizning toʼliq raqami va amal qilish muddatini soʼramaydi.

SMS orqali kelgan xabarni diqqat bilan oʼqing. Unda kartangiz bilan bogʼliq amaliyot toʼgʼrisida maʼlumot va tasdiqlash uchun kod keltiriladi. Ushbu kodni har qanday holatda birovga oshkor etmang.

Bank yoki toʼlov tashkilotining mobil ilovalaridan foydalanganingizda murakkab parollarni qoʼllang.

Mobil ilovada roʼyxatdan oʼtkazilgan akkauntingizga kirish uchun faqat oʼzingizning qurilmangizdan foydalaning.

Internet orqali tovar yoki xizmatlarni xarid qilish uchun faqat rasmiy, ishonchli saytlardan foydalaning. Аgar sizga toʼlovni amalga oshirish yoki kartangizga pul oʼtkazish maqsadida havola taqdim etilgan boʼlsa, uni qayta tekshirib koʼring. Taklif etilayotgan veb-sahifaning rasmiy ekanligini tekshiring.

Ijtimoiy tarmoqlar va turli messendjerlar orqali sizga joʼnatilgan shubhali havolalarni ochmang.

Sizga pul oʼtkazish uchun kartangizning raqamlari va amal qilish muddatini yoki tekshirish maqsadida kod yuborilganligini maʼlum qilib, uni aytishingizni soʼraganlarida hech qanday maʼlumot bermang.

USD = 12628.05
+7.96
EUR = 13616.83
+17.42
RUB = 136.42
-0.31
GBP = 15927.76
+35.28
JPY = 83.44
+0.11
CHF = 14007.82
+81.44
CNY = 1748.70
+3.28
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X