2025-yil davomida O‘zbekiston Respublikasi bank-moliya sektorida litsenziyalash va ruxsat berish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi. Ushbu chora-tadbirlar moliyaviy bozor infratuzilmasini mustahkamlash, raqobat muhitini kengaytirish hamda aholi va biznes subyektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qildi.
Jumladan, mikromoliyalashtirish bozorini yanada rivojlantirish maqsadida mikromoliya banklari instituti joriy etildi va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi hamda shartlari belgilandi. Natijada, respublikamizda ikki pogʻonali bank tizimi joriy qilinib, mikromoliya banklarini tashkil etish bilan bir qatorda ularni keyinchalik anʼanaviy banklarga transformatsiya qilish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi banklarni tugatish jarayonlarining huquqiy aniqligini ta’minladi. Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibini belgilovchi normativ hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlar esa sohada shaffoflikni kuchaytirdi. “Bank” atamasidan internet tarmog‘ida faqat davlat reyestriga kiritilgan yuridik shaxslar foydalanishi mumkinligi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yildi.
Nobank kredit tashkilotlarida ustav kapitalining 10–20 foiz ulushini sotib olishda dastlabki ruxsat talabining bekor qilinishi bozorga kirishni yengillashtirdi va investitsiya faolligini oshirdi. Bundan tashqari, faktoring va kafolatlar berish tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda nazorat qilishning huquqiy asoslari yaratildi.
2025-yilda 1 ta mikromoliya banki, 1 ta kredit byurosi, 8 ta faktoring va 1 ta kafolatlar berish tashkiloti faoliyatini boshladi. Shuningdek, bank xizmatlari va mikromoliya infratuzilmasi hududlar kesimida kengaytirildi.
Banklarning korporativ boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida 63 ta kuzatuv kengashi aʼzosi, 77 ta boshqaruv aʼzosi va 48 ta muhim ahamiyatga ega xodimning malaka talablariga muvofiqligi baholandi.
Xulosa qilib aytganda, 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar moliyaviy bozor barqarorligini va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan tizimli va izchil islohotlarning davomi hisoblanadi.
To‘liq sharh bilan ushbu havola orqali tanishing