(2026-yil 18-iyun)
· O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish, inflyatsiyaning bosqichma-bosqich pasayishi, fiskal va tashqi balanslarning yaxshilanishi hamda xalqaro zaxiralarning yetarli darajada yuqoriligi fonida barqaror rivojlanishda davom etmoqda.
· Iqtisodiy istiqbol ijobiyligicha qolmoqda. Salbiy xatarlar qatoriga global sharoitlarning yomonlashuvi va iqtisodiyotning ortiqcha qizib ketishi bosimlari kiradi; islohotlarning tezroq amalga oshirilishi esa ijobiy imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.
· Siyosatning ustuvor yo‘nalishlari – talab bosimlarini jilovlash, makro-moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlovchi va xususiy sektor yetakchiligidagi barqaror o‘sishni rag’batlantiradiga islohotlarni jadallashtirishdan iborat.
Vashington, Kolumbiya okrugi: 2026-yil 12-iyunda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ijroiya kengashi O‘zbekiston Respublikasi bo’yicha IV modda maslahatlashuvni yakunladi [1] hamda rasmiy yig‘ilish o‘tkazmasdan, xodimlar bahosini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi [2]. O’zbekiston tomoni ushbu maslahatlashuv uchun tayyorlangan hisobotni e’lon qilishga rozilik berdi [3].
O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari barqarorligicha qolmoqda. Real YAIM 2025-yilda kuchli ichki talab hisobiga 7,7 foizga o‘sdi, 2026-yilning birinchi choragida esa o‘sish sur’ati yillik hisobda 8,7 foizgacha tezlashdi. Ishsizlik va kambag‘allik darajasi yanada pasaydi. Inflyatsiya esa 2024-yil may oyidagi energiya narxlari islohotidan keyin kuzatilgan yuqori darajalardan bosqichma-bosqich pasayishda davom etib, 2026-yil aprel oyida yillik hisobda 7,0 foizni tashkil etdi. Konsolidatsiyalashgan fiskal taqchillik 2025-yilda 2,1 foizgacha qisqardi. Bunga yuqori iqtisodiy faollik va oltin narxlarining balandligi yordam berdi. Oltin narxlarining yuqoriligi, shuningdek, pul o‘tkazmalari va oltindan tashqari eksportning mustahkam ko‘rsatkichlari joriy hisob taqchilligining YAIMga nisbatan 3,9 foizgacha yanada qisqarishiga xizmat qildi. Xalqaro zaxiralar yetarli darajada yuqoriligicha qolmoqda.
Bazaviy iqtisodiy istiqbol ijobiyligicha qolmoqda, Yaqin Sharqda davom etayotgan urushning O‘zbekistonga bilvosita ta’siri hozircha cheklangan. Real YAIM o‘sishi 2026-yilda 6,8 foiz, 2027-yilda esa 6 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunga kuchli xususiy iste’mol, investitsiyalar hamda tarkibiy islohotlardagi izchil rivojlanish yordam beradi. Ushbu islohotlar va qat’iy pul-kredit siyosatining saqlanib qolinishi inflyatsiyani yanada pasaytirib, 2027-yil oxiriga kelib O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga yetishi kutilmoqda. Joriy hisob taqchilligi 2026-yilda oltin narxlarining yuqoriligi hisobiga YAIMga nisbatan 3,2 foizgacha yanada qisqarishi kutilmoqda. Xalqaro zaxiralar qulay darajada saqlanib qolishi, 2026-yil oxiriga kelib importning o‘n ikki oylik hajmidan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Iqtisodiy istiqbol atrofidagi noaniqlik yuqori bo‘lib qolmoqda. Salbiy xatarlar, avvalo, geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi bilan bog‘liq global muhitning zaiflashuvidan kelib chiqadi. Bu tashqi talabni pasaytirishi, eksport narxlarini tushirishi va xalqaro moliyaviy sharoitlarni qat’iylashtirishi mumkin. Ichki xatarlar qatoriga protsiklik fiskal xarajatlar bo‘yicha bosimlar, imtiyozli kreditlashdan foydalanishning davom etishi hamda tarkibiy to‘siqlarni bartaraf etishda kechikishlar kiradi. Ijobiy imkoniyatlar tarkibiy islohotlarning kutilganidan tezroq amalga oshirilishini o‘z ichiga oladi.
Ijroiya kengashi bahosi
O‘zbekiston Respublikasi bilan 2026-yilgi IV modda bo‘yicha maslahatlashuvni yakunlar ekan, Ijrochi direktorlar xodimlar bahosini quyidagicha ma’qulladilar:
O‘zbekiston iqtisodiyoti kuchli sur’atlarda rivojlanishda davom etmoqda. Hukumatning iqtisodiyotni transformatsiya qilish va bozor tamoyillariga asoslangan islohotlarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari o‘sishni yuqori darajada saqlab turibdi; fiskal va tashqi pozitsiyalar yanada yaxshilandi, inflyatsiya esa pasayish trendida bo‘ldi. Shu bilan birga, kuchli ichki talab sharoitida iqtisodiy faollik salohiyatdan yuqori darajada kechayotgan bo‘lishi mumkin, global noaniqlik va xatarlar esa sezilarli bo‘lib qolmoqda. Bu joriy sharoitni ehtiyotkorlik bilan boshqarish hamda barqaror va inklyuziv o‘sishni ta’minlash uchun taklif tomoni islohotlarini ilgari surish muhimligini ko‘rsatadi.
Fiskal siyosat iqtisodiyotning qizib ketishi xatarlarini cheklash va buferlarni qayta tiklashga ustuvor ahamiyat qaratishi lozim. 2026-yilda, ayniqsa, daromadlarning kutilganidan yuqori bo‘lishi ehtimoli sharoitida, fiskal siyosat talab bosimlarini kuchaytirmasligi kerak. Yil davomida xarajatlarni oshirish bo‘yicha tuzatishlarni cheklash inflyatsiyaning pasayishini qo‘llab-quvvatlaydi va pul-kredit siyosatiga bo’lgan ishonchni mustahkamlaydi. Kelgusida xarajatlarni o‘zgaruvchan mineral xomashyo daromadlaridan yaxshiroq himoyalash uchun fiskal asoslarni takomillashtirish makroiqtisodiy barqarorlashtirish va davrlararo intizomni kuchaytiradi. Mineral resurslardan tashqari birlamchi taqchillik bo‘yicha yuqori chegarani joriy etish kabi qo‘shimcha operatsion mezon protsikliklikni kamaytirishga yordam beradi, shu bilan birga haqiqiy xarajat ehtiyojlariga javob berish moslashuvchanligini saqlab qoladi.
Daromadlarni safarbar etish va fiskal institutlarni mustahkamlash borasidagi izchil taraqqiyot O‘zbekistonning keng rivojlanish ehtiyojlarini qondirish uchun muhimligicha qolmoqda. Maxsus aksiz soliqlarini oshirish, imtiyozlar va soliq ta’tillarini qisqartirish hamda soliq va bojxona ma’murchiligini kuchaytirish so‘nggi yillarda soliq tushumlarining YAIMga nisbatidagi pasayishni qaytarishga yordam beradi. Shu bilan birga, o‘rta muddatli byudjetlashtirish, davlat investitsiyalarini boshqarish, g‘aznachilik operatsiyalari va fiskal xatarlar ustidan nazoratni, ayniqsa, davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha yanada takomillashtirish xarajatlar sifati, samaradorligi va shaffofligini oshiradi.
Pul-kredit siyosati inflyatsiyani Markaziy bank maqsadli ko‘rsatkichi darajasida barqaror mustahkamlashga qat’iy yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Ichki talab hanuz kuchli, ishlab chiqarish tafovuti ehtimol ijobiy va Yaqin Sharqdagi urushdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan inflyatsion bosimlar mavjud ekan, yetarlicha qat’iy siyosat pozitsiyasini saqlab qolish maqsadga muvofiqdir. Inflyatsiyaning pasayishi to‘xtab qolsa, siyosatni yanada qat’iylashtirishga tayyor turish zarur. Valyuta kursi moslashuvchanligining so‘nggi oshirilgan darajasini saqlab qolish shoklarni yumshatish, xalqaro zaxiralarni himoya qilish va inflyatsion targetlash tizimining samarali ishlashi uchun muhimdir. Valyuta bozorlarini yanada rivojlantirish, likvidlikni boshqarishni kuchaytirish hamda imtiyozli kreditlashni bosqichma-bosqich bekor qilish bo‘yicha davom etayotgan sa’y-harakatlar vaqt o‘tishi bilan pul-kredit siyosati transmissiyasini kuchaytiradi.
Tez o‘zgarayotgan iqtisodiyot sharoitida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, Moliya sektori barqarorligini baholash dasturi (FSAP) tavsiyalarini qat’iy amalga oshirishni talab etadi. Kapital buferlari, qarz oluvchilrga nisbatan qo’llaniladigan choralar va nazorat tizimlari bo‘yicha hozirgacha erishilgan yutuqlar ijobiy baholanadi, biroq bu sur’atni saqlab qolish zarur. Davlat ulushiga ega tijorat banklarini restrukturizatsiya va xususiylashtirishni jadallashtirish, aktivlar sifatini tan olishni kuchaytirish hamda Markaziy bank mustaqilligini himoya qilish resurslarni samalari taqsimlashni yaxshilash va fiskal xatarlarni cheklash uchun asosiy ahamiyatga ega. Moliyaviy inklyuziya tashabbuslari balanslarni zaiflashtirishi mumkin bo‘lgan imtiyozli kreditlash hamda ma’muriy nazorat choralariga emas, balki raqobat, shaffoflik va puxta xatarlarni boshqarishga tayanishi kerak.
Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va bozor institutlarini mustahkamlash mehnat unumdorligi va xususiy sektor faolligini oshirishning muhim sharti bo‘lib qolmoqda. Davlat korxonalarini isloh qilishni – imkon bo‘lgan joylarda xususiylashtirish va davlat mulki saqlanadigan joylarda boshqaruvni kuchaytirish orqali – teng raqobat sharoitlarini yaratishga va xususiy investitsiyalarni jalb etishga yordam beradi. Boshqaruv sohasidagi islohotlarni jadallashtirish, jumladan, qonunbuzarlik haqida xabar beruvchilarni himoya qilish va aktivlarni deklaratsiya qilish tizimlarini qabul qilish hamda samarali joriy etish hisobdorlik va investorlar ishonchini oshiradi. Raqobat siyosatini yanada kuchaytirish, tarmoq regulyatorlarini amaliy ishga tushirish hamda JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash bozor samaradorligi va eksport diversifikatsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mehnat bozorlari va iqlim bilan bog‘liq siyosatlarni isloh qilishni davom ettirish inklyuziv o‘sish va barqarorlikni ta’minlash uchun muhim bo‘ladi. Mehnat bozorida ishtirok etishga, ayniqsa, ayollar va yoshlar orasida to‘sqinlik qilayotgan tarkibiy omillarni bartaraf etish, ko‘nikmalar nomuvofiqligini kamaytirish va norasmiylikni qisqartirish iqtisodiyotning ortib borayotgan mehnat talabini qondirishga yordam beradi. Iqlim omillarini davlat investitsiyalarini rejalashtirishga yaxshiroq integratsiya qilish energiya samaradorligi va barqarorlikni oshirib, dekarbonizatsiya maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ma’lumotlar nazorat tahlili uchun umumiy jihatdan yetarli, biroq yanada takomillashtirish zarur. Makroiqtisodiy ma’lumotlar to‘plamlarida institutsional sektorlashtirishni izchil qo‘llash, choraklik YAIMni ishlab chiqish hamda moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish siyosiy tahlil va shaffoflikni kuchaytiradi. Hukumatning statistik modernizatsiyaga bo‘lgan qat’iy sodiqligi, davom etayotgan salohiyatni rivojlantirish ko‘magi bilan birga, ijobiy baholanadi.
O‘zbekiston: tanlangan iqtisodiy ko‘rsatkichlar, 2023–2027
|
Ko‘rsatkich |
2023 |
2024 |
2025 |
2026 prognoz |
2027 prognoz |
|
Milliy daromad 1/ |
|
|
|
|
|
|
Real YAIM o‘sishi (foizdagi o‘zgarish) |
6,3 |
6,7 |
7,7 |
6,8 |
6,0 |
|
Nominal YAIM (trln so‘mda) |
1,262 |
1,535 |
1,850 |
2,154 |
2,465 |
|
Aholi jon boshiga YAIM (AQSh dollarida) |
2,922 |
3,232 |
3,846 |
4,528 |
4,957 |
|
Aholi soni (mln kishi) |
36,8 |
37,5 |
38,2 |
38,9 |
39,7 |
|
Narxlar |
|
|
|
|
|
|
(Foizdagi o‘zgarish) |
|
|
|
|
|
|
Iste’mol narxlari inflyatsiyasi (davr oxirida) |
8,8 |
9,8 |
7,3 |
6,8 |
5,0 |
|
YAIM deflyatori |
13,9 |
14,1 |
11,9 |
9,0 |
8,0 |
|
Tashqi sektor |
|
|
|
|
|
|
(YAIMga nisbatan foizda) |
|
|
|
|
|
|
Joriy hisob balansi |
-7,3 |
-4,7 |
-3,9 |
-3,2 |
-3,6 |
|
Tashqi qarz |
50,8 |
53,1 |
54,2 |
51,8 |
49,5 |
|
(Daraja) |
|
|
|
|
|
|
Valyuta kursi (davr oxirida, 1 AQSh dollariga so‘m) |
12,339 |
12,920 |
12,025 |
… |
… |
|
Real samarali almashuv kursi (o‘rtacha, 2015=100, pasayish = qadrsizlanish) |
59,9 |
56,9 |
58,7 |
… |
… |
|
Davlat moliyasi |
|
|
|
|
|
|
(YAIMga nisbatan foizda) |
|
|
|
|
|
|
Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari |
25,6 |
25,2 |
27,2 |
28,2 |
27,7 |
|
Konsolidatsiyalashgan byudjet xarajatlari |
30,2 |
28,1 |
29,3 |
29,7 |
29,7 |
|
Konsolidatsiyalashgan byudjet balansi |
-4,6 |
-3,0 |
-2,1 |
-1,5 |
-2,0 |
|
Tuzatilgan daromadlar 2/ 3/ |
24,8 |
24,2 |
25,7 |
26,7 |
26,3 |
|
Tuzatilgan xarajatlar 2/ 3/ |
28,6 |
26,3 |
27,4 |
27,4 |
27,5 |
|
Tuzatilgan fiskal balans 2/ |
-3,8 |
-2,1 |
-1,6 |
-0,7 |
-1,1 |
|
Siyosiy kreditlash 3/ |
0,8 |
0,9 |
0,5 |
0,8 |
0,9 |
|
Umumiy fiskal balans |
-4,6 |
-3,0 |
-2,1 |
-1,5 |
-2,0 |
|
Davlat qarzi |
30,7 |
30,9 |
28,6 |
28,2 |
27,2 |
|
Pul va kredit |
|
|
|
|
|
|
(Foizdagi o‘zgarish) |
|
|
|
|
|
|
Zaxira pullar |
4,9 |
9,5 |
23,2 |
11,9 |
11,0 |
|
Keng ma’nodagi pul massasi |
12,2 |
30,6 |
36,6 |
18,4 |
15,4 |
|
Iqtisodiyotga kreditlar |
23,2 |
14,0 |
15,3 |
16,7 |
15,7 |
Manbalar: mamlakat organlari ma’lumotlari va XVJ xodimlari hisob-kitoblari.
1/ Milliy hisoblar ma’lumotlariga 2025-yil noyabr oyidagi qayta ko‘rib chiqish kiritilgan.
2/ Tuzatilgan fiskal ma’lumotlar — byudjet ma’lumotlari bo‘lib, ular kapital qo‘yilmalar va siyosiy kreditlash kabi moliyalashtirish operatsiyalariga tuzatilgan.
3/ 2026-yil byudjetida davlat ijtimoiy kredit dasturlarining qamrovi kengaytirilgani natijasida konsolidatsiyalashgan daromad va xarajatlarga kiritiladigan tuzatishlar hamda sof kreditlash hajmi oshgan.
[1] XVJ Kelishuv moddalarining IV moddasi doirasida XVJ odatda har yili a’zo mamlakatlar bilan ikki tomonlama muhokamalar o‘tkazadi. Xodimlar guruhi mamlakatga tashrif buyuradi, iqtisodiy va moliyaviy ma’lumotlarni to‘playdi hamda rasmiylar bilan mamlakatdagi iqtisodiy o‘zgarishlar va siyosatlarni muhokama qiladi. Bosh qarorgohga qaytgach, xodimlar hisobot tayyorlaydi va u Ijroiya kengashi muhokamasi uchun asos bo‘ladi.
[2] Ijroiya kengashi muddat o‘tishi tartibi asosida qaror qabul qiladi, agar Kengash taklifni rasmiy muhokama chaqirmasdan ko‘rib chiqish mumkin deb hisoblagan bo‘lsa.
[3] XVJ Kelishuv moddalariga muvofiq, a’zo mamlakatlarga tegishli hujjatlarni e’lon qilish ixtiyoriy bo‘lib, a’zo mamlakat roziligini talab qiladi. Xodimlar hisoboti yaqinda www.imf.org/Uzbekistan sahifasida e’lon qilinadi.