O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida JPMorgan Chase vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov, Markaziy bankning mas’ul tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari hamda JPMorgan Chase kompaniyasining boshqaruvchi direktori Maria Gloukhovski boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar O‘zbekiston moliya sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya faolligining ortib borishi, xalqaro moliya institutlari va yirik global banklar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. JPMorgan Chase vakillari O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar va investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni e’tirof etdilar.
Muloqot davomida Markaziy bank va JPMorgan Chase o‘rtasidagi amaldagi hamkorlik holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, valyuta operatsiyalari, qimmatbaho metallar bozori, qat’iy foizli daromadga ega instrumentlar, hamda vakillik bank xizmatlari yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Markaziy bank tomonidan O‘zbekiston xalqaro zaxiralarini boshqarish bo‘yicha joriy yondashuvlar, aktivlar tarkibini bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish, aktivlarni strategik taqsimlash, risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda investitsion portfelni samarali boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tomonlar Markaziy bank xodimlari uchun aktivlarni strategik taqsimlash, risk tahlili, investitsion portfel boshqaruvi hamda xalqaro bozor instrumentlari bo‘yicha bilim va tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar. JPMorgan Chase tomonidan ushbu yo‘nalishlarda qo‘shma seminar-treninglar tashkil etishda hamkorlikka tayyor ekani ma’lum qilindi.
Uchrashuvda valyuta bozori va hedjirlash instrumentlarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar xalqaro tajribani o‘rganish, hedjirlash instrumentlari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishda salohiyatni oshirish muhimligini ta’kidladilar.
Bundan tashqari, JPMorgan Chase tomonidan Markaziy bank bilan kastodian hisob raqam ochish masalasi ham muhokama qilindi. Tomonlar mazkur yo‘nalishda texnik
va operatsion masalalarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish hamda jarayonni davom ettirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar yuqoridagi masalalar bo’yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.