Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Markaziy bank O‘zbekistonning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi bo‘yicha 2026-yil I chorak sharhini e’lon qildi

Yangilangan sana: 30 Iyun 2026, 15:18
30 Iyun 2026

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2026-yilning I choragi uchun O‘zbekistonning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei hamda tashqi qarzi bo‘yicha choraklik sharh tayyorlandi.

Mazkur sharhda mamlakat tashqi sektoridagi asosiy o‘zgarishlar, eksport va import dinamikasi, xalqaro pul o‘tkazmalari, investitsiya oqimlari, xalqaro zaxiralar, xalqaro investitsiyaviy mavqe hamda tashqi qarz ko‘rsatkichlari tahlil qilingan.[1]

2026-yilning I choragida O‘zbekiston tashqi sektorida avvalgi davrlarda kuzatilgan ayrim ijobiy tendensiyalar davom etdi. Xususan, oltinsiz tovarlar eksporti, xizmatlar eksporti va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida o‘sish qayd etildi. Shu bilan birga, xalqaro zaxiralar qoldig‘ining oshishi mamlakatning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei mustahkamlanishiga xizmat qildi.

Hisobot davrida jami eksport hajmi 5,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksport hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamayishi, asosan, hisobot davrida oltin eksporti amalga oshirilmagani bilan izohlanadi. Shu bilan birga, oltinsiz tovarlar eksporti 29 foizga, xizmatlar eksporti esa 18 foizga oshdi.

Jami import hajmi 29 foizga o‘sib, 13,9 mlrd dollarga yetdi. Importning yuqori hajmda shakllanishiga investitsiyaviy faollik va ichki talabning yuqori darajada saqlanib qolgani fonida mashina va uskunalar, transport vositalari, kimyoviy va mineral mahsulotlar hamda oziq-ovqat tovarlari importi ta’sir ko‘rsatdi.

Natijada savdo balansi 8,3 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllandi. Ushbu taqchillik ikkilamchi daromadlar bo‘yicha qayd etilgan 2,5 mlrd dollarlik sof tushumlar hisobiga qisman qoplandi.

Umuman olganda, 2026-yil I choragida joriy operatsiyalar hisobi qariyb 5,8 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllandi.

Joriy operatsiyalar hisobidagi taqchillik, asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va boshqa oqimlar hisobiga moliyalashtirildi. Xususan, hisobot davrida mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kirimi 702 mln dollarni tashkil etdi. Boshqa investitsiyalar komponenti bo‘yicha esa qariyb 1,1 mlrd dollar miqdorida sof tushumlar qayd etildi.

Hisobot davrida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valyutadagi qismi 3,1 mlrd dollarga kamaygan bo‘lsa-da, oltinning jahon bozoridagi narxi yuqori sur’atlarda oshgani natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i yil boshiga nisbatan qariyb 2,7 mlrd dollarga ko‘paydi. 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, xalqaro zaxiralar 69 mlrd dollarni tashkil etdi.

To‘lov balansida aks etgan operatsiyalar va nooperatsion o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei yil boshiga nisbatan 10 foizga mustahkamlanib, 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra 21,6 mlrd dollarga yetdi. Bunda jami tashqi aktivlar 131,1 mlrd dollarni, tashqi majburiyatlar esa 109,5 mlrd dollarni tashkil etdi.

2026-yil I choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qolib, 82,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Uning tarkibida davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollarni, korporativ tashqi qarz esa 41,7 mlrd dollarni tashkil qildi.

Korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan tadbirkorlik subyektlari, banklar va korxonalar tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunday qarzlar bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, to‘lovlar tegishli xo‘jalik subyektlari va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Sharhda qayd etilishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning tashqi qarz yukini past darajada, asosan imtiyozli shartlarda jalb qilingan deb baholagan.

Sharh bilan batafsil tarnishing

Asosiy jadvallar bilan tanishing


[1] Nashr Xalqaro valyuta jamg‘armasining “To‘lov balansi va xalqaro investitsiyaviy mavqe bo‘yicha qo‘llanma”sining oltinchi nashri hamda “Tashqi qarz statistikasi bo‘yicha qo‘llanma”ga muvofiq tayyorlangan.

USD = 11934.24
-75.03
EUR = 13591.91
-96.26
RUB = 152.98
-0.77
GBP = 15809.29
-87.38
JPY = 73.34
-0.66
CHF = 14724.54
-109.04
CNY = 1756.46
-13.38
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X