Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki “Shveysariya guruhi” a’zolarining navbatdagi uchrashuvi doirasida O‘zbekiston va Shveysariya delegatsiyalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov, Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Shveysariya Milliy banki raisi Martin Shlegel boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan tadbir yuqori darajada tashkil qilingani va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar alohida ta’kidlandi. Taraflar o‘rtasidagi texnik hamkorlikning ahamiyatini qayd etib, mavjud hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash istagini bildirdilar.
Muloqot davomida turli yo‘nalishlardagi hamkorlik loyihalari, jumladan, institutsional salohiyatni oshirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan birgalikda olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotini global bozorlarga integratsiyalashuvi va mamlakatga Shveysariya kompaniyalarining investitsiyalarini jalb etish istiqbollari muhokama qilindi. Shveysariyaning xalqaro savdo va moliya markazlaridan biri sifatidagi tajribasidan o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirishda foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar muntazam uchrashuvlarning ahamiyatini ta’kidlab, kelajakda texnik ko‘mak va institutsional salohiyatni oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar.