O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda mamlakatimizdagi yetakchi mustaqil tadqiqot markazlaridan biri ERGO Analytics o‘rtasida imzolangan memorandum doirasidagi amaliy hamkorlik izchil davom ettirilmoqda.
Hamkorlik doirasida olib borilayotgan tadqiqotlarni xalqaro tajriba va ilg‘or yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida jarayonga Fransiyaning eksperimental tadqiqotlar bo‘yicha Eval-Lab konsalting kompaniyasi ham jalb etildi.
Aholining jamg‘arish xulq-atvori va moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan xulq-atvor intervensiyalarining samaradorligini baholash bo‘yicha ekperimental tadqiqot ishini (cluster RCT) o‘tkazish uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda so‘rovnoma shakli ishlab chiqilib, yakuniy holatga keltirildi.
Markaziy bank mazkur eksperimental tadqiqotni xalqaro etika me’yorlariga muvofiq amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda tadqiqot bo‘yicha Westminster International University in Tashkent huzuridagi Ilmiy tadqiqotlar etikasi qo‘mitasining (Institutional Review Board - IRB) ijobiy xulosasi olindi.
Tadqiqot doirasida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi 90 ta mahallada jami 2 700 nafar aholini qamrab olish rejalashtirilgan. So‘rovnoma shakli va intervensiya dizaynining joylardagi real sharoitlarni to‘laqonli aks ettirishini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Quyi Chirchiq tumanlaridagi mahallalarda aholi o‘rtasida sinov tariqasida so‘rovlarni o‘tkazish ishlari tashkil etilmoqda.
Mazkur tadqiqot mamlakatimizda xulq-atvor iqtisodiyoti (behavioral economics) yondashuvlarini qo‘llash orqali aholining iqtisodiy qarorlarini chuqurroq o‘rganish hamda dalillarga asoslangan siyosat choralarini shakllantirishga xizmat qiladi.