O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o'rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev tomonidan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabuli o'tkazildi. Qabul davomida fuqarolar va tadbirkorlarning bank tizimi faoliyatiga oid og'zaki murojaatlari tegishli tijorat banklari rahbarlari ishtirokida alohida-alohida tinglandi.
Markaziy bank raisi o'rinbosari banklar zimmasidagi ustuvor vazifalarga — jismoniy va yuridik shaxslarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash, ularga qulayliklar yaratish, sifatli va yuqori darajadagi bank xizmatlarini ko'rsatish, shuningdek murojaatlarni amaldagi qonunchilik va me'yoriy hujjatlar talablari asosida o'z vaqtida ko'rib chiqishga alohida e'tibor qaratdi.
Qabul davomida ko'tarilgan masalalar orasida imtiyozli kredit bo'yicha hisoblanayotgan foiz va penyalarni to'xtatish, garovga qo'yilgan mol-mulk va sud jarayonlariga oid hujjatlarni olishda amaliy yordam so'rovlari kabi murojaatlar bo'ldi. Har bir murojaat yuzasidan tegishli tijorat banklariga aniq topshiriqlar berilib, ularni amaldagi qonunchilikka muvofiq ko'rib chiqish va natijalari yuzasidan belgilangan muddatda Markaziy bankka axborot berish vazifasi yuklatildi.
Shaxsiy qabullar bank tizimida mijozlarga xizmat ko'rsatish sifatini yanada oshirish hamda fuqarolar va tadbirkorlar murojaatlarini qonun hujjatlari talablari asosida o'z vaqtida va sifatli hal etish maqsadida muntazam asosda davom ettiriladi.










