Joriy yilning 14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari N. Fazilov tomonidan jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi. Qabulning asosiy maqsadi — fuqarolar murojaatlari bilan bevosita ishlash, ularni qiynayotgan muammolarni chuqur o‘rganish hamda har bir masala yuzasidan amaliy yechim topishdan iborat bo‘ldi.
Qabul davomida murojaat egalari tomonidan bank xizmatlari sifati, kredit olish va uni qayta ko‘rib chiqish masalalari, to‘lov tizimlari faoliyati, hisob-raqamlar bilan bog‘liq muammolar hamda bank sohasiga oid boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha murojaat va takliflar bildirildi.
Har bir murojaat alohida e'tibor bilan tinglanib, masalaning mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda tegishli mutasaddi bo‘linmalar rahbarlariga aniq va manzilli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, qonunchilik doirasida joyning o‘zida hal etilishi mumkin bo‘lgan murojaatlar bo‘yicha fuqarolarga batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish va tahlilni talab etadigan masalalar esa alohida nazoratga olinib, ularni qonunchilikda belgilangan muddatlarda to‘liq hal etish yuzasidan mas'ul xodimlarga tegishli vazifalar yuklatildi.