Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti o‘rtasida ilmiy va akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumi hamda 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Mazkur hamkorlik zamonaviy matematik usullar va ilmiy yondashuvlarni makroiqtisodiy tahlil, prognozlashtirish hamda pul-kredit siyosati amaliyotiga keng joriy etishga qaratilgan. Tomonlar inflyatsiya, pul-kredit siyosati, moliyaviy barqarorlik, bank tizimi va boshqa makroiqtisodiy jarayonlarni baholashga xizmat qiluvchi matematik modellar hamda metodologiyalarni birgalikda ishlab chiqish va takomillashtirishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlik dasturi doirasida Markaziy bankda iqtisodiy-matematik amaliy tadqiqotlar laboratoriyasini tashkil etish, Matematika instituti olimlari va mutaxassislarini tahliliy tadqiqotlar hamda prognozlash ishlariga jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Markaziy bankning modellashtirish, prognozlashtirish va tahliliy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi xodimlari uchun differensial tenglamalar, stoxastik tahlil, dinamik tizimlar, hisoblash matematikasi, iqtisodiy jarayonlarni matematik modellashtirish, sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili hamda mashinali o‘qitish yo‘nalishlarida seminarlar, treninglar va qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Hamkorlik doirasida doktorantlar va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ularning Markaziy bankda ilmiy-amaliyot o‘tashi, dissertatsiya mavzularini iqtisodiy modellashtirish, prognozlashtirish va tahliliy tadqiqotlarning dolzarb yo‘nalishlari bilan muvofiqlashtirish, shuningdek, istiqbolli mutaxassislarni kelgusida Markaziy bank faoliyatiga jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.
Dasturda 2027-yildan boshlab “Iqtisodiy-matematik modellashtirish” yozgi maktabini yo‘lga qo‘yish, shuningdek “Iqtisodchilar matematika musobaqasi”ni yiliga bir marta o‘tkazish, qo‘shma ilmiy nashrlar tayyorlash hamda xalqaro grantlar va ilmiy loyihalarda hamkorlik qilish belgilangan.
Mazkur hamkorlik ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Markaziy bankning tahliliy va ilmiy salohiyatini oshirish hamda zamonaviy matematik modellashtirish va ma’lumotlarni tahlil qilish usullarini iqtisodiy qarorlar qabul qilish jarayoniga kengroq joriy etishga xizmat qiladi.