Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Toshkentda mehnat bozori transformatsiyasiga bag‘ishlangan HR forumi bo‘lib o‘tdi

Yangilangan sana: 23 Iyul 2026, 10:53
23 Iyul 2026

2026 yil 22 iyul kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida “O‘zbekiston mehnat bozori transformatsiyasi: yangi tendensiyalar, asosiy o‘zgarishlar va innovatsion HR” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.

Forum mehnat bozorida amalga oshirilayotgan islohotlar, inson kapitalini rivojlantirish, innovatsion HR boshqaruvi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish, shuningdek davlat va xususiy sektor hamkorligini mustahkamlashga bag‘ishlangan muhim muloqot maydoniga aylandi.

Tadbirda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, xususiy sektor va yirik ish beruvchilar, HR sohasi mutaxassislari, ilmiy doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari Abrorxuja Turdaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jurayev, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati, BMT Taraqqiyot dasturi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari so‘zga chiqib, mehnat bozoridagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari, zamonaviy kadrlar siyosati va xalqaro hamkorlik masalalariga to‘xtaldilar.

Forum doirasida tashkil etilgan panel sessiyalarda mehnat bozori transformatsiyasining muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, innovatsion HR boshqaruvi, xalqaro CIPD standartlari, davlat va xususiy sektorda inson resurslarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari, kadrlar tayyorlash, raqamli xizmatlar hamda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalar taqdim etildi.

"Mehnat bozorida yangi tendensiyalar" panel sessiyasida mamlakat mehnat bozoridagi bugungi holatga oid tahlillar e’lon qilindi. 2026 yil 1 iyul holatiga mehnat resurslari 21 million nafarni, band aholi 15 million nafarni tashkil etdi. Ishsizlik darajasi esa 4,5 foizga tushib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,6 foiz punktga kamaydi.

Shuningdek, joriy yildan ishga tushirilgan Oson ish.uz raqamli mehnat bozori platformasining imkoniyatlari taqdim etildi. Bugungi kunda platformada 36 mingdan ortiq ish beruvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular tomonidan 137 mingdan ziyod vakant ish o‘rinlari joylashtirilgan. Platforma ish beruvchilar va ish qidiruvchilarni sun’iy intellekt asosida avtomatik muvofiqlashtirish orqali mehnat bozoridagi hamkorlik samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Panel sessiyasida ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitishning vaucher tizimi hamda 2026–2031 yillarga mo‘ljallangan "Skill Up" loyihasi ham taqdim etildi. 3,7 million Shveysariya franki qiymatiga ega mazkur loyiha doirasida sun’iy intellekt asosida fuqarolarning qobiliyati va kompetensiyalari baholanib, ularni mehnat bozori ehtiyojlariga mos kasblarga yo‘naltirish nazarda tutilgan.

Forum ishtirokchilari, shuningdek, "Sun’iy intellekt va mehnat bozori: raqobatchimi yoki hamkor?" mavzusida fikr almashdilar. Qayd etilganidek, sun’iy intellekt mehnat bozori uchun xavf emas, balki mehnat unumdorligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish va yangi kasbiy imkoniyatlarni yaratishning muhim omili hisoblanadi.

Forum doirasida mehnat qonunchiligini keng jamoatchilikka sodda va tushunarli yetkazishga qaratilgan "Mehnat kodeksiga sharh" elektron platformasi ham taqdim etildi. Xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan mazkur loyiha mehnat qonunchiligi normalarini izohlash, ularni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash va qonunchilikka kiritiladigan o‘zgarishlar bo‘yicha tezkor ma’lumot olish imkonini yaratadi.

Shu bilan birga, Markaziy bank va tijorat banklari ishtirokida "Yoshlar bilan hamnafas" dasturi taqdim qilinib, yoshlarni bank-moliya sohasiga jalb etish, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va karyera imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Forum doirasida 30 ga yaqin tijorat banki ishtirokida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda banklarning 40 nafar yirik ish beruvchi mijozlari o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Tadbirda ishtirokchilar tijorat banklaridagi bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish talablari hamda karyera va kasbiy rivojlanish istiqbollari bilan tanishdi. Shuningdek, bank xizmatlari hamda tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislardan bevosita tushuntirish va maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yarmarka doirasida ish beruvchilar tomonidan 200 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni Osonish.uz platformasiga joylashtirildi. Mavjud boshqa vakansiyalarni platformaga kiritish jarayoni davom etmoqda.

Tadbir yakunlariga ko‘ra, tijorat banklaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashish bo‘yicha 367 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 110 nafar nomzod ish beruvchilar tomonidan suhbat bosqichiga tavsiya etildi.

Forum yakunida ishtirokchilar mehnat bozorini raqamlashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish va davlat, xususiy sektor hamda xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish mehnat bozorining raqobatbardoshligi va aholi bandligini ta’minlashning muhim omili ekanini ta’kidladilar.

"O‘zbekiston mehnat bozori transformasiyasi: yangi tendensiyalar, asosiy o‘zgarishlar va innovatsion HR" forumi mehnat bozorini modernizasiya qilish, innovatsion boshqaruvni rivojlantirish va zamonaviy kadrlar siyosati bo‘yicha ilg‘or tajribalarni birlashtirgan muhim muloqot platformasi sifatida o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi.

USD = 12101.84
+53
EUR = 13811.83
+70.13
RUB = 153.75
+0.87
GBP = 16183.79
+74.49
JPY = 74.08
+0.18
CHF = 14854.35
+26.83
CNY = 1787.65
+8.65
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X