Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Markaziy bank va “Harvard Growth Lab” o‘rtasida tadqiqot hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi

Yangilangan sana: 31 Iyul 2026, 10:23
31 Iyul 2026

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Garvard universitetining Kennedi davlat boshqaruvi maktabi huzuridagi “Growth Lab” markazi asoschisi va direktori, professor Rikardo Hausmann bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston iqtisodiyotining uzoq muddatli rivojlanish istiqbollarini o‘rganish, Markaziy bankning ilmiy-tadqiqot salohiyatini mustahkamlash hamda iqtisodiy siyosat bo‘yicha qarorlarni chuqur tahlil va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan holda ishlab chiqishga qaratilgan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Markaziy bank rahbariyati so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar ilmiy asoslangan tahlillar va amaliy tadqiqotlarga bo‘lgan talabni sezilarli darajada oshirganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Markaziy bankda tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, statistik va tahliliy yo‘nalishlarni mustahkamlash, xalqaro ekspertlar va yetakchi universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Markaziy bank huzurida ilmiy-tadqiqot kengashi tashkil etilgani, xorijiy oliy ta’lim muassasalari professorlari va tadqiqotchilarini jalb etish, talabalar hamda yosh mutaxassislar o‘rtasida iqtisodiy ma’lumotlar asosida tadqiqot loyihalari va tanlovlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Professor Rikardo Hausmann “Harvard Growth Lab” faoliyati, markaz tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy murakkablik va iqtisodiy o‘sish diagnostikasi metodologiyalari, shuningdek, turli davlatlarda amalga oshirilgan amaliy tadqiqot loyihalari haqida ma’lumot berdi. Xususan, “Growth Lab” davlat idoralari bilan yaqin hamkorlikda mamlakatlarning mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari, bilim va ko‘nikmalari, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish salohiyati hamda iqtisodiy o‘sishni cheklayotgan asosiy omillarni aniqlashga qaratilgan tadqiqotlarni olib borishi ta’kidlandi.

Professor Rikardo Hausmann iqtisodiy o‘sishning umumiy sur’atlarini baholash bilan bir qatorda, o‘sish qaysi tarmoqlar, hududlar va korxonalar hisobiga shakllanayotganini, uning bandlik, unumdorlik va aholi daromadlariga ta’sirini chuqur o‘rganish muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar tadqiqot natijalarining davlat iqtisodiy siyosatida amaliy qo‘llanilishi, boshqa iqtisodiy idoralar bilan muvofiqlashtirish, ma’lumotlar sifati va ulardan xavfsiz foydalanish, shuningdek, mahalliy mutaxassislarning tahliliy salohiyatini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvda “Growth Lab” tomonidan taklif etilayotgan tadqiqot dasturi doirasida O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va iqtisodiy murakkabligi bo‘yicha kompleks diagnostika o‘tkazish, muammolar yechimiga yo‘naltirilgan qo‘shma tadqiqot guruhlarini shakllantirish, tahliliy materiallar va amaliy tavsiyalar tayyorlash, seminar va ekspertlik muloqotlarini tashkil etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Muloqot yakunida hamkorlikning keyingi bosqichlarini belgilashdan avval mavjud ma’lumotlarning sifati, qamrovi va infratuzilmasini baholashga qaratilgan texnik missiyani tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

Tomonlar ilmiy asoslangan tadqiqotlar va xalqaro tajribaga tayangan holda O‘zbekiston iqtisodiyotining mahsuldorlik, diversifikatsiya va barqaror o‘sishga asoslangan yangi rivojlanish bosqichini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

USD = 11960.18
-46.21
EUR = 13761.38
-3.95
RUB = 150.42
-0.02
GBP = 16086.44
+20.69
JPY = 74.75
+1.23
CHF = 14796.71
+50.47
CNY = 1771.54
-5.84
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X