Silk Road Finance & Technology Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbariyati va Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashi (IFSB) bosh kotibi Dr. Ghiath Shabsigh o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekistonda islom moliyasi tizimini rivojlantirish, uning tartibga solish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, Shariat kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, islom moliyasi bo‘yicha shakllantirilayotgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shariat talablariga muvofiq likvidlikni boshqarish vositalarini rivojlantirish va prudensial nazorat mexanizmlarini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, IFSBning xalqaro tajribasi va standartlaridan foydalanish, ishlab chiqilayotgan tartibga solish hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish hamda ularni amaliyotga joriy etishda texnik va ekspert ko‘magini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Markaziy bank mutaxassislari va boshqa manfaatdor tomonlar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlari, amaliy seminarlar va simulyatsion treninglar tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda barqaror islom moliyasi ekotizimini shakllantirishda zamonaviy tartibga solish va nazorat tizimi bilan bir qatorda, likvidlikni boshqarish hamda kapital bozori instrumentlarini rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida IFSB bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish, bilim va tajriba almashinuvini davom ettirish hamda islom moliyasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga kelishib olindi.










