O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Xalqaro valyuta jamg‘armasining Markaziy bank faoliyati shaffofligi kodeksi doirasidagi baholash missiyasining yakuniy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unda missiya vakillari asosiy xulosa va tavsiyalarini taqdim etdi.
Missiya doirasida Markaziy bank rahbariyati va xodimlari, shuningdek, keng ko'lamdagi mahalliy va xorijiy manfaatdor tashkilotlar bilan uchrashuvlar o'tkazildi.
Manfaatdor tomonlar Markaziy bankning shaffoflik va kommunikatsiya sohasidagi faoliyati sezilarli darajada yaxshilanganini ta'kidlab, uni ushbu sohada milliy yetakchi sifatida tavsifladilar. Ular institutning ishonchliligini, e’lon qilinayotgan axborot bilan amalga oshirilayotgan harakatlar o‘rtasidagi izchillikni, shuningdek, jamoatchilik bilan samarali ikki tomonlama muloqot yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
Missiya Markaziy bankning turli vositalar va kommunikatsiya kanallari, jumladan, hududiy tadbirlar orqali manfaatdor tomonlar bilan faol hamkorligini ijobiy baholadi. Shuningdek, pul-kredit siyosati asoslari hamda prognozlarga tayangan holda qaror qabul qilish jarayonlari yanada shaffof tus olgani qayd etildi.
Ushbu kuchli tomonlar bilan bir qatorda, missiya shaffoflik amaliyotini yanada takomillashtirish mumkin bo'lgan sohalarni aniqlab, tegishli tavsiyalarni taqdim etdi. Markaziy bank ushbu tavsiyalarni ko‘rib chiqib, shaffoflik amaliyotlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.










