2026-yil 18-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Xalqaro zaxiralarni boshqarish forumi — IPAM Forum 2026 (International Public Assets Management Forum) o‘tkaziladi. Tadbir xalqaro zaxiralarni boshqarish uchun mas’ul xorijiy markaziy banklar, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari, hamda yetakchi ekspertlarni birlashtiradi.
Global moliya bozorlaridagi o‘zgaruvchanlik va geosiyosiy noaniqlik sharoitida milliy boylikni asrash va samarali boshqarish uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa investitsiya qarorlariga puxta yondashish, risklarni baholash hamda o‘zgarayotgan sharoitlarga mos strategiyalarni ishlab chiqishni talab etadi. IPAM Forum 2026 ana shu vazifalar yuzasidan xalqaro tajriba almashish va amaliy yondashuvlarni muhokama qilishga bag‘ishlanadi.
Forumda markaziy banklar, suveren investitsiya institutlari, yirik xalqaro aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalar, investitsiya banklari vakillari va yetakchi iqtisodchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro hisob-kitoblar banki, shuningdek, Shveytsariya, Singapur, Gruziya va boshqa markaziy banklar vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda.
Forum dasturidan asosiy ma’ruzalar, ekspertlar taqdimotlari, panel muhokamalari va maxsus davra suhbati o‘rin olgan. Muloqotlarda global moliya bozorlari va xalqaro zaxiralarni boshqarish tendensiyalari, aktivlarni strategik taqsimlash, investitsiya portfellarini diversifikatsiya qilish hamda risklarni boshqarish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Muhokamalarning markazida — xalqaro monetar va moliyaviy tizimdagi tarkibiy o‘zgarishlar sharoitida barqaror, moslashuvchan va uzoq muddatli maqsadlarga muvofiq investitsiya portfellarini shakllantirish masalasi bo‘ladi. Shuningdek, oltinning xalqaro zaxiralarni boshqarishdagi o‘zgarib borayotgan roli va uning investitsiya strategiyalaridagi o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi.
IPAM Forum 2026 O‘zbekistonning xalqaro zaxiralarni boshqarish bo‘yicha mintaqaviy muloqot maydoni sifatidagi rolini mustahkamlashga qaratilgan. Forum doirasidagi fikr va tajriba almashinuvi tegishli institutlar o‘rtasida uzoq muddatli professional hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.










