2026-yil 7–11-sentyabr kunlari Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda Kambodja Milliy banki delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida pul-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, markaziy bankning operatsion faoliyati, likvidlikni boshqarish, moliya va pul bozorlari rivoji, makroiqtisodiy prognozlash hamda pul-kredit siyosati kommunikatsiyasi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
Shuningdek, dollarlashuv darajasi yuqori bo‘lgan iqtisodiyotlarda pul-kredit va valyuta kursi siyosatini amalga oshirish masalalari davra suhbatida muhokama qilindi. O‘zbekistonda inflyatsion targetlash rejimiga o‘tishning zaruriy shartlari, institutsional asoslari va ushbu jarayonning pul-kredit siyosatiga ta’siri yuzasidan tajriba almashildi.
Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri Markaziy bankning operatsion doirasi, likvidlikni boshqarish va to‘lov tizimlari masalalariga bag‘ishlandi. Xususan, pul-kredit siyosati instrumentlaridan foydalanish, bank tizimidagi likvidlikni boshqarish va prognozlash, shuningdek, Markaziy bank operatsiyalarining pul bozori sharoitlariga ta’siri muhokama qilindi.
Makroiqtisodiy tahlil va prognozlash yo‘nalishida pul-kredit siyosati bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayoni, Prognozlash va siyosat tahlili tizimi (FPAS), inflyatsiyani prognozlashda qo‘llaniladigan modellashtirish vositalari hamda ularning pul-kredit siyosati qarorlarini ishlab chiqishdagi o‘rni haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Markaziy bankning pul-kredit siyosati kommunikatsiyasi, xususan, siyosiy qarorlarni jamoatchilik va bozor ishtirokchilariga yetkazishning asosiy yondashuvlari bo‘yicha tajriba almashildi.
Tashrif davomida O‘zbekistonda valyuta bozorini isloh qilish va rivojlantirish, pul bozorini takomillashtirish hamda repo operatsiyalaridan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Likvidlikni boshqarish va prognozlash bo‘yicha ikki markaziy bank vakillari o‘rtasida davra suhbati tashkil etilib, amaliy tajriba va mavjud yondashuvlar muhokama qilindi.
Tashrifning yakuniy sessiyasida hafta davomida muhokama qilingan asosiy masalalar va amaliy xulosalar sarhisob qilindi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Kambodja markaziy banklari o‘rtasida pul-kredit siyosati, makroiqtisodiy prognozlash, likvidlikni boshqarish va moliya bozorlari rivoji bo‘yicha amaliy tajriba almashishni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.










