O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2026-yilning I yarim yilligi uchun O‘zbekistonning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei hamda tashqi qarzi bo‘yicha sharh tayyorlandi.
Mazkur sharhda mamlakat tashqi sektoridagi asosiy o‘zgarishlar, eksport va import dinamikasi, xalqaro pul o‘tkazmalari, investitsiya oqimlari, xalqaro zaxiralar, xalqaro investitsiyaviy mavqe hamda tashqi qarz ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Nashr Xalqaro valyuta jamg‘armasining to’lov balansining qo’llanmasi asosida tayyorlangan.
2026-yilning I yarim yilligida O‘zbekiston tashqi sektorida avvalgi davrlarda shakllangan ijobiy tendensiyalar davom etdi. Xususan, oltinsiz tovarlar va xizmatlar eksporti hamda mamlakatga kirib kelgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi o‘sdi. Shuningdek, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘lami yuqori darajada saqlanib qoldi.
Hisobot davrida jami eksport hajmi 15,4 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizga kamaydi. Bunda oltin eksportining qisqarishi asosiy omil bo‘ldi. Shu bilan birga, oltinsiz tovarlar eksporti 27 foizga, xizmatlar eksporti esa 45 foizga oshdi.
Jami import hajmi 24 foizga o‘sib, 28,8 mlrd dollarga yetdi. Importning yuqori hajmda shakllanishiga investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabining yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida mashina va uskunalar, transport vositalari, kimyoviy va mineral mahsulotlar hamda oziq-ovqat tovarlari importining o‘sishi ta’sir ko‘rsatdi. Import tarkibida tovarlar importi 24 foizga, xizmatlar importi esa 21 foizga oshdi.
Natijada savdo balansi 13,4 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllandi. Mazkur taqchillik birlamchi va ikkilamchi daromadlar hisobidagi mos ravishda 1,9 mlrd dollar va 5,3 mlrd dollarlik ijobiy saldolar hisobiga qisman qoplandi.
Umuman olganda, 2026-yilning I yarim yilligida joriy operatsiyalar hisobi qariyb 6,2 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllandi.
Joriy operatsiyalar hisobidagi taqchillik, asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, portfel va boshqa investitsiyalar bo‘yicha operatsiyalar hamda boshqa manbalar hisobiga moliyalashtirildi.
Xususan, hisobot davrida mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kirimi 2,3 mlrd dollarni, portfel investitsiyalarining sof jalb qilinishi esa qariyb 2 mlrd dollarni tashkil etdi. Boshqa investitsiyalar komponenti bo‘yicha qariyb 1,5 mlrd dollar miqdorida sof kirim qayd etildi. 2026-yil I yarim yilligi yakuniga ko‘ra, moliyaviy hisob 7,5 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllandi.
To‘lov balansida aks etgan operatsiyalar va nooperatsion o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei yil boshiga nisbatan 34 foizga qisqarib, 2026-yil 1-iyul holatiga 13,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Hisobot davrida rezidentlarning tashqi aktivlari qoldig‘i yil boshiga nisbatan 1,1 mlrd dollarga yoki 1 foizga kamaydi. Bunda jahon bozorida oltin narxining pasayishi hisobiga xalqaro zaxiralar qoldig‘i 2,5 mlrd dollarga qisqargan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va boshqa investitsiyalar bo‘yicha aktivlar qoldig‘i 1,4 mlrd dollarga oshdi. Shu bilan birga, rezidentlarning tashqi majburiyatlari qoldig‘i 5,8 mlrd dollarga yoki 5 foizga ko‘paydi.
2026-yil 1-iyul holatiga mamlakatning jami tashqi aktivlari 127,4 mlrd dollarni, tashqi majburiyatlari esa 114,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Xalqaro zaxira aktivlari qoldig‘i 63,8 mlrd dollar darajasida shakllandi.
2026-yil I yarim yilligi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 84,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Uning tarkibida davlat tashqi qarzi 41,7 mlrd dollarni, korporativ tashqi qarz esa 42,4 mlrd dollarni tashkil qildi.
Korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunday qarzlar bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, ular bo‘yicha to‘lovlar tegishli xo‘jalik subyektlari hamda banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Sharhda qayd etilishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning tashqi qarz yukini past darajada, asosan imtiyozli shartlarda jalb qilingan deb baholagan.
Sharh bilan batafsil tanishing
Asosiy jadvallar bilan tanishing
Izoh: Nashr Xalqaro valyuta jamg‘armasining “To‘lov balansi va xalqaro investitsiyaviy mavqe bo‘yicha qo‘llanma”sining oltinchi nashri hamda “Tashqi qarz statistikasi bo‘yicha qo‘llanma”ga muvofiq tayyorlangan.










