O‘zbekistonda valyuta va foiz xatarlarini samarali boshqarish, hosila moliyaviy vositalar bozorini rivojlantirish hamda iqtisodiyot subyektlarining tashqi moliyaviy xatarlarga bardoshliligini oshirish maqsadida Markaziy bank tashabbusi bilan valyuta va foiz xatarlarini boshqarish kompaniyasini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida xalqaro moliya institutlari, xorijiy kompaniyalar, banklar va valyuta birjasi mutaxassislari ishtirokida kompaniyaning huquqiy, institutsional va infratuzilmaviy asoslari ishlab chiqildi. Muhokamalar natijasida tegishli qaror loyihasi hamda chora-tadbirlar rejasi tayyorlanib, belgilangan tartibda idoralararo kelishuvdan o‘tkazildi.
Joriy yilning 30-sentyabrida mazkur qaror loyihasi belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasiga kiritildi (ID-11421). Qayd etish joizki, loyiha boʻyicha jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 15-oktyabriga qadar davom etadi.
Kompaniyaning asosiy vazifalari hosila moliyaviy vositalari bo‘yicha bitimlar tuzish, valyuta va pul bozorlarida likvidlikni ta’minlash, shuningdek, zamonaviy xedjirlash instrumentlaridan foydalanishni kengaytirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, kompaniya faoliyati davomida xalqaro moliya institutlari va xorijiy kompaniyalar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, kapital bozorlaridan resurslar jalb qilish va xalqaro kredit reytingini olish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Kompaniyaning tashkil etilishi O‘zbekiston moliya bozorida valyuta va foiz xatarlarini boshqarishning bozor mexanizmlarini rivojlantirish, xedjirlash instrumentlaridan foydalanishni kengaytirish hamda moliya bozori ishtirokchilarining risklarni boshqarish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.










