2026-yil 9-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi ishtirokida elektrotexnika sanoatida faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad soha korxonalarining bank xizmatlari va moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalarini bevosita o‘rganish, amaliyotda uchrayotgan to‘siqlarni aniqlash, tadbirkorlarning takliflarini tinglash hamda ularning yechimlarini banklar va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Muloqotda elektrotexnika sanoatining o‘ziga xos ishlab chiqarish va savdo siklidan kelib chiqadigan moliyaviy ehtiyojlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xomashyo xarididan mahsulot ishlab chiqarish, uni ichki va tashqi bozorda sotish va eksportgacha bo‘lgan jarayonlarda aylanma mablag‘larni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Bank kafolatlari va moliyalashtirish jarayonlarini soddalashtirish
Tadbirkorlar tomonidan bank kafolatlarini rasmiylashtirish va ularning muddatini uzaytirish bilan bog‘liq jarayonlar ko‘tarildi. Amaldagi tartib-taomillar ayrim hollarda moliyalashtirish jarayonining cho‘zilishiga olib kelayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida bank kafolatlari muddatini uzaytirish va takroriy moliyalashtirishga oid tartiblarni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tegishli ko‘rib chiqish jarayonlarini banklarning kredit hujjatlarini o‘rganish bosqichi bilan parallel tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Elektrotexnika sanoatiga mos moliyaviy mahsulotlar
Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi elektrotexnika korxonalarining ishlab chiqarish sikliga mos bank mahsulotlarini shakllantirish bo‘ldi.
Xomashyo, jumladan, mis xaridi, ishlab chiqarish xarajatlarini moliyalashtirish, ichki bozordagi yetkazib berishlar hamda eksport operatsiyalari turli muddatdagi moliyaviy resurslarni talab qilishi ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan, korxonalarning kreditlash tarixi va ishlab chiqarish zanjirini o‘rganish asosida sohaga mos kredit va faktoring mexanizmlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi. Tijorat banklari tomonidan tegishli takliflarni shakllantirish va ularni soha vakillari bilan birgalikda ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Eksport shartnomalari asosida moliyalashtirish
Ochiq muloqotda eksport qiluvchi va yirik loyihalarda mahsulot yetkazib beruvchi korxonalarning moliyaviy ehtiyojlari ham alohida ko‘rib chiqildi.
Xususan, EPC shartnomalari doirasida mahsulot yetkazib berilgandan so‘ng to‘lovning ma’lum muddatdan keyin amalga oshirilishi korxonalarda qo‘shimcha aylanma mablag‘ga ehtiyoj yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi.
Shu bois moliyalashtirishda faqat an’anaviy ta’minot mezonlari bilan cheklanmasdan, korxonaning amaldagi kontraktlari, ularni bajarish tarixi, moliyaviy holati, to‘lov intizomi va kutilayotgan pul oqimlarini ham hisobga olish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tijorat banklari tomonidan ushbu mezonlarga asoslangan moliyalashtirish yondashuvlarini sinovdan o‘tkazish va ularning amaliy samaradorligini baholash yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro hisob-kitoblar va bank operatsiyalari
Tadbirkorlar xalqaro to‘lovlarni amalga oshirishda xorijiy korrespondent banklar bilan yuzaga kelayotgan ayrim masalalarni ham ko‘tardilar.
Xorijiy banklarning komplayens talablari, ayrim tranzaksiyalarning kechikishi hamda transchegaraviy hisob-kitoblarda korxonalar duch kelayotgan holatlar yuzasidan fikr almashildi.
Bunday masalalarni tegishli xorijiy moliya institutlari bilan muloqotlar doirasida ko‘tarib borish, zarur axborot va asoslantiruvchi materiallarni tayyorlash hamda mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda amaliy ko‘mak ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotdan — amaliy yechimlarga
Ochiq muloqot davomida bildirilgan takliflar elektrotexnika sanoati korxonalarining moliyaviy ehtiyojlari ishlab chiqarish jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatdi.
Shu sababli muhokamalarda alohida murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan bir qatorda, sohaga xos tizimli masalalarni aniqlash va ularga mos moliyaviy mexanizmlarni shakllantirishga ham e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha bank kafolatlari bilan bog‘liq jarayonlarni takomillashtirish, elektrotexnika korxonalari uchun kredit va faktoring mexanizmlari yuzasidan takliflar ishlab chiqish, eksport shartnomalari asosidagi moliyalashtirish yondashuvlarini o‘rganish hamda xalqaro hisob-kitoblarda yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha tegishli ishlarni davom ettirish belgilandi.










