Markaziy bank Raisining fuqarolar bilan navbatdagi ochiq muloqotida kredit to‘lovlari, bank kartalari bo‘yicha operatsiyalar hamda iste’molchilarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlash masalalariga oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Xususan, avtokreditni muddatidan oldin to‘liq so‘ndirganiga qaramay, bank kartasidan mablag‘ yechib olinishi davom etayotganidan shikoyat qilgan fuqaroning murojaati tinglandi. Murojaatchi kredit yopilganidan keyin ham shaxsiy ma’lumotlari bankda saqlanib qolayotganiga e’tiroz bildirdi. Bankka fuqaro ruxsatisiz kartalaridan ortiqcha mablag‘ yechilish holatlarini to‘liq tekshirish, uning shaxsiy ma’lumotlarini o‘chirish hamda shu kabi texnik nosozliklar monitoringini kuchaytirish yuzasidan amaliy takliflar berildi.
Yana bir fuqaro bankomat orqali naqd pul yechishga uringanida uning bank kartasidagi mablag‘ hisobdan chiqarilgani, biroq bankomat tomonidan naqd pul berilmagani hamda mazkur masala bo‘yicha bankka qilgan murojaati uzoq vaqt davomida hal etilmayotgani yuzasidan murojaat qildi. Mazkur holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, bank tomonidan mikrokredit olgan, biroq kutilmagan holat tufayli moliyaviy ahvoli og‘irlashib, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmayotgan fuqaroning murojaati tinglandi. Fuqaroning holati inobatga olinib, tegishli bank tomonidan unga kredit ta’tili berish orqali amaliy yordam ko‘rsatilishi bildirildi.
Markaziy bank fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganish hamda banklar bilan hamkorlikda ularning masalalariga yechim topish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.










