Markaziy bankda Shveysariyaning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) va Markaziy banklar o‘rtasidagi BCC hamkorlik dasturi doirasida OGResearch konsalting kompaniyasi ekspertlarining texnik missiyasi boshlandi. Tashrif “O‘zbekistonda inflyatsion targetlash rejimiga to‘liq o‘tish uchun pul-kredit siyosati strategiya va yo‘l xaritasini ishlab chiqish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tashrif doirasida ishlab chiqilayotgan 2027-2028-yillarda inflyatsion targetlash rejimini yanada takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi atroflicha muhokama qilindi. Unda pul-kredit siyosatining institutsional asoslarini mustahkamlash, makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish tizimini rivojlantirish, pul-kredit siyosati transmissiyasini kuchaytirish hamda kommunikatsiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Shu bilan birga, yo‘l xaritasida inflyatsion maqsadga erishishda hisobdorlik va shaffoflikni oshirish, pul-kredit siyosati instrumentlarining samaradorligini kuchaytirish hamda moliya bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Bunda xalqaro ilg‘or tajribani milliy iqtisodiyotning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.










