Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida makroiqtisodiy tahlil va prognozlash boʻyicha Markaziy bank tanlovini oʻtkazish tartibi
Mazkur tartib Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida makroiqtisodiy tahlil va prognozlash boʻyicha Markaziy bank tanlovini oʻtkazish tartibini (keyingi oʻrinlarda – tanlov), ishtirokchilar uchun talablarni, oʻtkazish bosqichlarini, baholash mezonlarini, hakamlar haʼyati faoliyatini hamda soʻvrin va ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
1. Umumiy qoidalar
1. Tanlov Markaziy bank tomonidan oliy taʻlim muassasalari (OTM) bilan hamkorlikda oʻtkaziladi.
2. Tanlovning asosiy maqsadi – oliy taʻlim muassasalari talabalarining makroiqtisodiy tahlil va prognozlash boʻyicha amaliy koʻnikma hamda bilimlarini oshirish, ularning moliyaviy savodxonlik darajasini yaxshilashdan iborat. Shu bilan birga, tanlov ishtirokchilarida pul-kredit siyosatining asosiy tamoyillari va amaliy mexanizmi boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirish, samarali muloqot qilish va jamoa bilan hamkorlikda ishlash kompetensiyalarini rivojlantirishni koʻzda tutadi.
3. Tanlov respublika miqyosida oʻtkazilib, barcha hududlardagi iqtisodiyot, moliya, bank, biznes boshqaruvi va ma’lumotlar tahlili yoʻnalishlarida taʻlim olayotgan OTM talabalari (bakalavr 3–4-bosqich va magistrantlar) uchun ochiq boʻladi va bepul hisoblanadi. Tanlovning tashkiliy xarajatlari Markaziy bank mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
2. Ishtirokchilarga qoʻyiladigan talablar va jamoa tuzilish tartibi
4. Har bir jamoa 4-5 nafar talaba hamda 1 nafar maslahatchi oʻqituvchidan iborat boʻladi.
5. Bitta OTMdan koʻpi bilan 10 tagacha jamoa qatnashishi mumkin (jamoalar roʻyxati universitet tomonidan tasdiqlanadi).
6. Ishtirokchilar tegishli oʻquv yili uchun talabalik maqomiga ega boʻlishi lozim (dekanat maʻlumoti bilan tasdiqlanadi).
7. Vazifalar jamoa aʻzolari oʻrtasida ixtiyoriy ravishda taqsimlanadi.
8. Tanlovda Markaziy bankda amaliyot oʻtayotgan talabalar va Markaziy bank xodimlari ishtirokiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3. Arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish va onlayn yoʻnaltiruv sessiyasi
9. Ariza topshirish Markaziy bank veb-saytining tadqiqotlar boʻlimida tanlov uchun alohida tashkil etilgan havola orqali onlayn shaklda amalga oshiriladi.
10. Arizada jamoa nomi, tarkibi va biriktirilgan maslahatchi oʻqituvchi haqidagi maʻlumotlar taqdim etiladi.
11. Muvofiqlashtiruvchi organ 5 ish kuni ichida toʻliq va toʻgʻri rasmiylashtirilgan arizalarni roʻyxatdan oʻtkazadi.
12. Arizalari muvafaqqiyatli roʻyxatdan oʻtgan jamolar uchun keyingi haftada tanlov oʻtkazish tartibi, berilgan topshiriqlarni amalga oshirish boʻyicha onlayn sessiyasi oʻtkaziladi.
4. Tanlov bosqichlari va vazifalar
13. Tanlov ikki bosqichda oʻtkaziladi – saralash bosqichi va yakuniy bosqich.
14. Saralash bosqichida vazifa sifatida:
har bir jamoa Oʻzbekistonning joriy ichki va tashqi makroiqtisodiy hamda pul-kredit sharoitlari, inflyatsiya va mavjud xatarlar boʻyicha tahliliy material koʻrinishida taqdimot tayyorlaydi (20 daqiqa);
hakamlar hayʻati tomonidan Markaziy bank faoliyati va pul-kredit siyosati boʻyicha berilgan savollarga javoblar beriladi (10-15 daqiqa).
15. Saralash bosqichida eng koʻp ball jamlagan 5 ta jamoa yakuniy bosqichga oʻtkaziladi.
16. Yakuniy bosqichda vazifa sifatida:
Markaziy bankning asosiy stavkasini koʻrib chiqish yuzasidan pul-kredit siyosati tahlili boʻyicha taqdimot amalga oshiriladi (30 daqiqa). Bunda, ishtirokchilar saralash bosqichida amalga oshirgan tahlillarga qoʻshimcha ravishda ehtimoliy xatarlarni inobatga olgan holda, inflyatsiya va iqtisodiy oʻsish uchun oʻrta muddatli bazaviy va muqobil prognoz ssenariylarini amalga oshirishlari (soʻnggi statistik maʻlumotlar asosida keyingi sakkiz chorak uchun) hamda asosiy stavkani oʻzgartirish yoki oʻzgartirmaslik boʻyicha asoslangan xulosa taqdim etishlari lozim;
press-reliz koʻrinishida pul-kredit siyosati bayonotini tayyorlaydi.
5. Manbalar va texnik talablar
17. Tahlillar rasmiy eʻlon qilingan maʻlumotlar asosida amalga oshirilishi tavsiya etiladi: Markaziy bank, Milliy statistika qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, xalqaro tashkilotlar — Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Birlashgan millatlar tashkiloti va boshqa rasmiy manbalar.
18. Barcha foydalanilgan maʻlumot va materiallar boʻyicha havolalar koʻrsatilishi lozim.
19. Yaratuvchi sunʻiy intellekt (generativ AI) vositalaridan foydalanish holatlari mavjud boʻlgan taqdirda, alohida koʻrsatilib oʻtilishi lozim.
6. Taqdimot va hujjatlar formati
20. Saralash bosqichi uchun taqdimot slaydlari soni: 10–15 slayd
21. Yakuniy bosqich uchun taqdimot slaydlari soni: 15–20 slayd
22. Har bir slaydda maʻlumotlar manbasi, grafiklar oʻqi va birliklari aniq koʻrsatiladi.
23. Press-reliz loyihasi: 1 bet, 200–300 ta soʻz.
24. Barcha materiallar oʻzbek tilida (lotin yozuvida) taqdim etilishi va qoʻshimcha tarzda ingliz tiliga tarjima qilinishi lozim.
7. Hakamlar hayʻati va baholash tartibi
25. Hakamlar hayʻati tarkibi 7 kishidan iborat boʻlib, Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi.
26. Har bir hakam individual ball beradi; muvofiqlashtiruvchi organ oʻrtacha balllarni hisoblab, reyting tuzadi.
27. Jamoalarni baholashda maʻlum hakam bilan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi holati yuzaga kelgan taqdirda, oʻsha hakam baholashdan chetlatiladi.
28. Baholash jarayonlari qayta koʻrib chiqilmaydi.
8. Baholash mezonlari va balllar taqsimoti
29. Saralash bosqichida:
pul-kredit siyosati tahlili – 50 foiz;
hakamlar hayʻati tomonidan berilgan savollarga javoblar – 20 foiz;
kommunikatsiya va taqdimot mahorati – 10 foiz;
maʻlumotlar va vizualizatsiya sifati – 10 foiz;
jamoaviy ishlash va vaqtni boshqarish – 10 foiz.
30. Yakuniy bosqichda:
pul-kredit siyosati tahlili – 50 foiz;
qarorining asoslanganligi va press reliz sifati– 20 foiz;
kommunikatsiya va taqdimot mahorati – 10 foiz;
maʻlumotlar va vizualizatsiya sifati – 10 foiz;
jamoa ishi va vaqtni boshqarish – 10 foiz.
31. Yigʻilgan balllar teng boʻlgan holatda prognozlar aniqligi va qarorning asoslanganligiga ustunlik beriladi.
9. Sovrin va ragʻbatlantirish
32. Gʻolib jamoa: diplom, 100 mln soʻm miqdorida pul mukofoti, Markaziy bankda amaliyot oʻtash imkoniyati va boshqa esdalik sovgʻalar.
33. 2–3-oʻrinlar: diplom va esdalik sovgʻalar, zaruriyatga koʻra Markaziy bankda amaliyot oʻtash imkoniyati.
34. Maxsus nominatsiyalar: eng yaxshi kommunikatsiya va vizualizatsiya, eng yaxshi ishtirokchi.
10. Taqvim
35. Eʻlon va arizalarni qabul qilish – 1-4-hafta.
36. Tanlov oʻtkazish tartibi, berilgan topshiriqlarni tushuntirish boʻyicha onlayn sessiyalar oʻtkazish – 5-hafta.
37. Saralash bosqichi – 9-10 hafta.
38. Yakuniy bosqich va taqdirlash marosimi –12-15-hafta.
39. Aniq sanalar Markaziy Bank rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlarida alohida eʻlon qilinadi.
11. Axborot siyosati
40. Tanlov haqida eʻlonlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida beriladi.
41. Saralash bosqichidan boshlab gʻoliblar roʻyxati eʻlon qilinadi.
42. Tanlov yakunlari boʻyicha yakuniy press-reliz eʻlon qilinadi.
12. Yakuniy qoidalar
43. Mazkur tartibga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Markaziy bank boshqaruv qarori bilan kiritiladi.
44. Shaxsiy maʻlumotlar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq qayta ishlanadi.