So‘nggi oylarda inflyatsiyaning sezilarli pasayishi o‘tgan yilgi yuqori baza ta’sirlarining chiqib ketishi bilan izohlanadi. Inflyatsiyaning barqaror tarkibiy ko‘rsatkichlari dinamikasi, ichki talabning yuqori shakllanishi hamda tashqi iqtisodiy noaniqliklar pul-kredit sharoitlarini qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
May oyida umumiy inflyatsiya yillik 5,5 foizni tashkil etdi va prognoz traektoriyasi doirasida shakllandi. Ushbu pasayishga asosan o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishining bevosita ta’sirlari tugashi hissa qo‘shdi.
Shu bilan birga, inflyatsiyaning barqaror tarkibiy ko‘rsatkichlari o‘zgarmas shakllanmoqda. Xususan, bazaviy inflyatsiya 5,7 foiz darajasida shakllanib, xizmatlar inflyatsiyasi sekinlashishi bilan bir qatorda oziq-ovqatlar inflyatsiyasida tezlashish qayd etildi.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etib, moliya sohasi ekspertlarining uzoq muddatli kutilmalari ham ijobiylashgan.
Iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari saqlanib qolmoqda. Xususan, chakana savdo, xizmatlar sohasi, turizm va investitsiyalar hajmining yuqori o‘sishi iqtisodiyotda yalpi talabning barqarorligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda byudjet xarajatlarning faollashishi kelgusi choraklarda ham iqtisodiy faollik va talab omillarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Joriy yilning iyun oyidan energiya resurslari tariflarining oshirilishi inflyatsiyaga qisqa muddatli ta’sirga ega bo‘ladi. Tariflarning bevosita ta’siridan tashqari, transport va ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog‘liq ikkilamchi omillar ham kelgusi choraklarda inflyatsiya dinamikasida namoyon bo‘lib boradi.
Markaziy bank 2026-yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiyaning 6,5 foiz atrofida shakllanishi hamda iqtisodiy o‘sishning 7–7,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi bo‘yicha prognozlarini saqlab qoldi.
Ayni paytda iqtisodiyotda shakllangan real ijobiy foiz stavkalari aholi va biznesning jamg‘arish faolligini rag‘batlantirish, kreditlashning muvozanatli o‘sishini ta’minlash hamda inflyatsion bosimlarni cheklashga xizmat qilmoqda.
Tashqi iqtisodiy sharoitlardagi noaniqliklar yuqoriligicha qolmoqda. Jahon bozorlarida oziq-ovqat va energiya manbalari narxlarining o‘zgaruvchanligi, logistika xarajatlari oshishi bilan bog‘liq xatarlar tashqi inflyatsion bosimlarning import kanali orqali ichki narxlarga o‘tish ehtimolini oshiradi. Shuningdek, ayrim mamlakatlar markaziy banklarining qat’iy pul-kredit siyosati tashqi moliyaviy resurslar narxining uzoqroq muddat yuqori darajada saqlanishiga olib keladi.
Yuqoridagi omillarni inobatga olib, narxlar barqarorligini ta’minlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarur deb topildi.
Kelgusida inflyatsion kutilmalarning izchil pasayishi, tarif o‘zgarishlarining ikkilamchi ta’sirlari cheklangan darajada namoyon bo‘lib bazaviy inflyatsiya prognozining yaxshilanishi bilan pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich yumshatish uchun asoslar yuzaga keladi.
Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 29-iyul kuniga belgilangan.