Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Markaziy bank boshqaruvi 2024-yil 25-iyuldagi yigʻilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi

Yangilangan sana:  25 Iyul 2024, 12:31
25 Iyul 2024

Bazaviy inflyatsiyaning pasayishi va inflyatsion kutilmalar dinamikasi energiya tariflari oshirilishining inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsiri kutilganidan past boʻlayotganligini koʻrsatib, yil yakunida inflyatsiya prognoz koridorining quyi chegaralarida shakllanishi boʻyicha ishonchni oshirmoqda.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari ishlab chiqarishning ijobiy tafovutini qisqarib borishiga va talab tomondan inflyatsion bosimning pasayishiga xizmat qilmoqda.

Inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,6 foiz darajasida shakllanib, inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi ham import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda.

Shuningdek, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pasayishi hamda almashuv kursi barqarorligi aholining inflyatsion kutilmalariga ijobiy taʼsir koʻrsatib, iyun oyida sezilarli pasayishiga olib keldi. Bu esa, kutilmalar tomonidan inflyatsiyaga bosimlarni pasayib borishiga sharoit yaratadi.

Bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng boʻldi va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaydi. Bu energiya tariflari oʻzgarishining ikkilamchi taʼsiri kutilganidan past boʻlganligi bilan izohlanib, inflyatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora bermoqda.

Joriy yildagi bazaviy inflyatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar taʼsirining kutilganidan pastroq boʻlishi hisobiga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta koʻrib chiqildi. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi va 2025-yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.

2024-yilning II choragida iqtisodiy oʻsish tezlashishda davom etib, I yarim yillikda iqtisodiyot real hisobda 6,4 foizga oʻsdi. Sanoat, qurilish va xizmatlar sohalaridagi yuqori faollik iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Yuqori investitsion faollik, xususan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va xususiy kapital qoʻyilmalari yalpi investitsion talabni oshishida muhim omillardan boʻlmoqda.

Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati boʻyicha indekslarda soʻnggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilgan boʻlsada, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.

Yilning II yarmida ham yuqori investitsion va ishlab chiqarish faolligining saqlanib qolishi fonida yil yakuni boʻyicha real YaIM oʻsishi prognozi 5,7-6,2 foizgacha oshirildi.

Aholi va tadbirkorlik subyektlari xarajatlaridagi tarkibiy oʻzgarishlar taʼsirida yalpi isteʼmol talabining maʼlum maʼnoda maqbullashishi prognoz qilinmoqda.

Iqtisodiyotda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolayotganligi yalpi talab va taklif oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashga xizmat qiladi. Natijada, bugungi kunda shakllangan 0,5-0,6 foizlik YaIM ijobiy tafovutining yil yakuniga qadar yopilishi va inflyatsiyaga oshiruvchi taʼsiri pasayishi kutilmoqda.

Asosiy savdo hamkorlardagi yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlari hamda jahon narxlarining qulay konyunkturasi sharoitida eksport tushumlari va pul oʻtkazmalari hajmlarining dastlabki prognozlarga nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsishi taxmin qilinmoqda.

Joriy yilning II choragida iqtisodiyotga turli kanallar orqali valyuta oqimining sezilarli oshishi kuzatilib, soʻm almashuv kursining barqarorlashishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Bank tizimi umumiy likvidligi, jamgʻarmalar va kreditlar hajmi dinamikasi nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolayotganligini koʻrsatmoqda. Bu, oʻz navbatida, soʻmda jamgʻarish jozibadorligini oshirib, aholi omonatlarida yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlab boradi.

Shu bilan birga, yil yakuniga qadar inflyatsion kutilmalarning joriy dinamikasi davom etishi boʻyicha ayrim noaniqliklar hamda xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yuqoriligi bilan bogʻliq inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar ham saqlanib qolmoqda.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda, asosiy stavka boʻyicha kelgusi qarorlar inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda makroiqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha kelgusi davr maʼlumotlari asosida qabul qilinadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2024-yil 12-sentyabrga belgilangan.

USD = 12749.75
+7.99
EUR = 14142.02
+106.97
RUB = 140.25
+0.4
GBP = 16748.07
+117.52
JPY = 90.70
+1.39
CHF = 15038.63
+132.5
CNY = 1798.02
+8.62
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X