Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Baliqchilikni rivojlantirish: tadbirkorlarning bank tizimiga oid masala va takliflari muhokama qilindi

Yangilangan sana: 22 Okt 2026, 14:54
22 Okt 2026

Markaziy bankda Baliqchilikni rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda tadbirkorlarning bank xizmatlaridan foydalanishiga oid masala va takliflar muhokama qilindi.

Prezidentimiz intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirishga oid taqdimot bilan tanishish jarayonida baliq yetishtirish hajmini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Shu nuqtayi nazardan, muloqotda loyihalarni moliyalashtirishda sohaning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olish hamda banklar va tadbirkorlar hamkorligini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Muloqotda baliqchilik xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash, intensiv texnologiyalarga o‘tish va zarur uskunalarni xarid qilish uchun moliyaviy resurslardan foydalanish masalalari ko‘tarildi. Kredit muddatlari va to‘lov jadvallarini ishlab chiqarishning mavsumiyligi, pul oqimlari hamda loyihalarning o‘zini qoplash davriga moslashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Kredit ta’minotini shakllantirishda banklar, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi va sug‘urta tashkilotlarining ishtiroki hamda mavjud kafillik mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanish, kredit tarixi, garov mulkini baholash va kredit arizalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Sohaga mos kredit mahsulotlarini shakllantirish, biznes-rejalarni tayyorlashda muvaffaqiyatli loyihalar tajribasidan foydalanish hamda banklarning maslahat ko‘magini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirkorlar baliq mahsulotlari savdosida shaffoflikni oshirish, sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha ham takliflar bildirdi. Subsidiyalardan foydalanish hamda baliq yetishtirish, tashish va sotish jarayonlarini raqamlashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Baliqchilikni rivojlantirish markazi vakillari subsidiya olish platformasi va “E-baliq” tizimini ishlab chiqish jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

Muloqot yakunida tadbirkorlar ko‘targan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berilib, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar bo‘yicha tegishli banklar va soha vakillari bilan ishlash tartibi kelishib olindi.

Baliqchilik sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqot savol-javoblari  

USD = 11903.15
-62.36
EUR = 13329.15
-108.12
RUB = 146.75
+0.79
GBP = 15916.89
-112.11
JPY = 75.81
+0.03
CHF = 14478.96
-31.72
CNY = 1783.40
-8.89
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X