Tadqiqot Oʻzbekiston Respublikasida to‘lov balansi holatini chuqur tahlil qilish, xalqaro ilg‘or modellar yordamida uning dinamikasiga ta’sir etuvchi fundamental omillarni aniqlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy xatarlarni baholash va ularning oldini olish mexanizmlarini joriy etish yoki takomillashtirish bo‘yicha yakuniy xulosalarni taqdim etishga qaratilgan. Unda O‘zbekiston iqtisodiyotining tashqi barqarorligi to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobi orqali ilmiy-nazariy va empirik nuqtai nazardan tahlil qilinib, joriy operatsiyalar hisobi dinamikasi, unga ta’sir etuvchi fundamental makroiqtisodiy omillar, shuningdek, tashqi barqarorlikni baholashda qo‘llaniladigan joriy operatsiyalar hisobi me’yori hamda tashqi barqarorlik indeksi ko‘rib chiqilgan.
Ushbu tahliliy material Koreya Respublikasi Markaziy bankining Bilimlar almashinuvi dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Koreya Respublikasining Dongguk va Hongik universitetlari o‘rtasida amalga oshirilgan qo‘shma ilmiy tadqiqot natijalariga asoslangan.
Tadqiqotda Xalqaro valyuta jamg‘armasining External Balance Assessment metodologiyasi asosida O‘zbekiston uchun joriy operatsiyalar hisobi me’yori baholanib, amaldagi ko‘rsatkich bilan solishtirilgan. Natijalar joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining ma’lum qismi fundamental omillar bilan izohlanishini, shu bilan birga amaldagi daraja me’yoriy ko‘rsatkichdan yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Shuningdek, tadqiqot ishida joriy operatsiyalar hisobi me’yori asosida tashqi barqarorlik indeksi hisoblangan. Mazkur yondashuv mamlakat iqtisodiyotining tashqi shoklarga nisbatan ta’sirchanligini baholash, tashqi sektordagi xatarlarni erta aniqlash hamda makroiqtisodiy siyosat yo‘nalishlarini shakllantirishda muhim analitik vosita sifatida yoritilgan. Bundan tashqari, tadqiqot ishida tashqi barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha fiskal, pul-kredit va valyuta siyosati hamda xalqaro savdo yo‘nalishlarida umumiy xulosalar va tavsiyalar ham keltirilgan.
Tadqiqot ishining to‘liq matni bilan havola orqali tanishish mumkin.