Xalqaro zaxiralarni boshqarish forumi (IPAM) 2026 doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Jahon banki guruhi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda xalqaro zaxiralarni boshqarish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Markaziy bank 2020-yildan buyon Jahon bankining Reserve Advisory and Management Partnership (RAMP) dasturi doirasida hamkorlik qilib kelmoqda. Uchrashuvda ushbu hamkorlik aktivlarni boshqarish bilan bir qatorda, institutsional salohiyatni mustahkamlash, tajriba almashish va mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Tomonlar RAMP doirasidagi hamkorlikni kelgusi uch yil mobaynida davom ettirish hamda xalqaro zaxiralarni boshqarish bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralarda xavfsizlik va likvidlik tamoyillarini saqlagan holda zaxira aktivlarini diversifikatsiya qilish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda Markaziy bank mutaxassislari uchun qisqa muddatli amaliyot va amaliy o‘quv dasturlarini tashkil etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar xalqaro zaxiralarni samarali boshqarish, tadqiqotlar va kadrlar salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.










