Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Хalqaro migratsiya va jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari sharhi (2026-yil mart)

Yangilangan sana: 17 Mar 2026, 10:58
17 Mar 2026

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xalqaro migratsiya jarayonlari, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hamda jismoniy shaxslarning valyuta ayirboshlash operatsiyalari dinamikasiga bag‘ishlangan navbatdagi tahliliy sharhni taqdim etdi. Sharhda global iqtisodiy integratsiya, mehnat bozorlarining ochiqligi va raqamli moliyaviy infratuzilmaning jadal rivojlanishi fonida migratsiya oqimlarining makroiqtisodiy barqarorlik hamda tashqi moliyalashtirish manbalari bilan uzviy bog‘liqligi yoritiladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyo bo‘ylab xalqaro migrantlar soni
304 million kishiga yetib, jahon aholisining qariyb 3,7 foizini tashkil etdi. Jahon banki baholashlariga ko‘ra esa, 2024-yilda xalqaro pul o‘tkazmalari umumiy hajmi qariyb 900 mlrd dollarni tashkil etib, shundan 680 mlrd dollari past va o‘rta daromadli mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur ko‘rsatkichlar pul o‘tkazmalari ko‘plab mamlakatlar uchun barqaror tashqi moliyalashtirish manbai bo‘lib borayotganini, shuningdek iqtisodiy shoklar davrida uy xo‘jaliklari daromadlarini qo‘llab-quvvatlab, ichki valyuta bozori barqarorligiga xizmat qilishini ko‘rsatadi.

2025-yilda chet eldan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 2024-yilga nisbatan 28 foizga (4,1 mlrd dollar) oshib, 18,9 mlrd dollarni tashkil etdi va mazkur mablag‘lar ichki valyuta bozori muvozanatini ta’minlashga xizmat qildi.

Shuningdek, mehnat migratsiyasi geografiyasida diversifikatsiya jarayonlari davom etayotgani qayd etilib, O‘zbekiston fuqarolari an’anaviy yo‘nalishlar (Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiya) bilan bir qatorda Yevropa va Osiyo davlatlariga ham kengroq yo‘nalayotgani ko‘rsatiladi. 2025-yilda pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga migrantlar ishlaydigan mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan barqaror saqlanib qolishi, iqtisodiy faollikning oshishi hamda milliy valyutalar kurslarining mustahkamlanishi ham ta’sir qilgan.

Pul o‘tkazmalari kanallari kesimida 2025-yilda jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 52 foizi (9,9 mlrd dollar) an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali amalga oshirilgan, bank o‘tkazmalari ulushi esa 2 foiz (397 mln dollar) ni tashkil etgan. Shu bilan birga, bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilgan P2P o‘tkazmalar ulushi
46 foizga (8,6 mlrd dollar) yetib, ushbu kanal orqali kelib tushgan mablag‘lar hajmi 2024-yilga nisbatan 1,4 barobar oshgani raqamli moliyaviy xizmatlarning ommalashuvi, to‘lovlarning tezkorligi va qulayligi hamda tranzaksiya xarajatlarining nisbatan pastligi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, 2025-yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2024-yilga nisbatan 5 foizga (138,4 mln dollar) qisqarib, 2,7 mlrd dollarni tashkil etdi.

Valyuta ayirboshlash operatsiyalari kesimida 2025-yilda banklar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasini oldi-sotdi operatsiyalari umumiy aylanmasi 2024-yilga nisbatan 32 foizga (8,1 mlrd dollar) oshib, 33,6 mlrd dollarga yetgani qayd etiladi. Mazkur davrda banklar jismoniy shaxslardan 21,6 mlrd dollarlik chet el valyutasini xarid qilgan, jismoniy shaxslarga sotilgan valyuta hajmi esa 12 mlrd dollarga yetgan. Operatsiyalarning asosiy qismi ayirboshlash shoxobchalari (19,3 mlrd dollar), masofaviy (online) kanallar
(13,8 mlrd dollar) hamda 24/7 ishlovchi bankomatlar (574 mln dollar) orqali amalga oshirilgan, bu esa aholining raqamli bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengayib borayotganini anglatadi.

Sharhning to‘liq matni va batafsil tahlillari bilan havola orqali tanishish mumkin.

USD = 12020.48
+4.52
EUR = 14048.33
-3.13
RUB = 158.77
-1.53
GBP = 16207.21
-15.54
JPY = 75.25
+0.03
CHF = 15273.80
-29.26
CNY = 1758.33
-0.01
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X