Xalqaro davlat zaxiralarini boshqarish (IPAM) forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “PIMCO” vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda xalqaro zaxiralarni boshqarish sohasidagi hamkorlik istiqbollari hamda yetakchi global aktiv boshqaruvchilari tajribasidan foydalangan holda Markaziy bankning investitsiya yondashuvlarini bosqichma-bosqich kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida aktivlarni strategik taqsimlash, tashqi aktivlarni boshqarish yondashuvlari, qat’iy foizli daromadga ega instrumentlardan iborat portfellarni rivojlantirish, shuningdek zaxiralarni boshqarish bo‘yicha mutaxassislarning salohiyatini oshirish va tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.
PIMCO vakillari qat’iy foizli daromadga ega instrumentlarni faol boshqarish va markaziy banklar bilan hamkorlik qilish tajribasi, jumladan aktivlarni boshqarish bilan mutaxassislar salohiyatini oshirishni uyg‘unlashtiruvchi strategik hamkorlik yondashuvlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek, global moliyaviy muhitdagi o‘zgarishlar va ularning investitsiya strategiyalariga ta’siri yuzasidan fikr almashildi. Xususan, zaxiralarni diversifikatsiyalashning ahamiyati ortib borayotgani hamda portfelni boshqarish yondashuvlarini o‘zgaruvchan bozor sharoitlariga moslashtirish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar xalqaro zaxiralarni boshqarish va investitsiya salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlik imkoniyatlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.










