Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

“Monetary Policy Dialogue – 2026” xalqaro forumi markaziy banklar, xalqaro moliya institutlari va akademik hamjamiyat vakillarini bir maydonga jamladi

Yangilangan sana: 29 Iyun 2026, 14:19
29 Iyun 2026

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ilk bor “Monetary Policy Dialogue – 2026” xalqaro forumi tashkil etildi. Forum “Global iqtisodiy noaniqlik va raqamli transformatsiya sharoitida pul-kredit siyosati” mavzusiga bag‘ishlandi.

Forum markaziy banklar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari vakillari, xalqaro miqyosda tan olingan iqtisodchi olimlar hamda akademik hamjamiyatni global iqtisodiy noaniqlik, jahon iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlar va raqamli transformatsiya sharoitida pul-kredit siyosatini yuritish masalalarini muhokama qilish uchun yagona professional muloqot platformasida birlashtirdi.

Forumni ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetov bugungi kunda global iqtisodiyot tobora murakkablashib borayotganini, noaniqlik iqtisodiy muhitning doimiy xususiyatiga aylanayotganini hamda raqamli transformatsiya moliya tizimlari va markaziy banklar faoliyatiga tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va markaziy banklar, xalqaro moliya institutlari hamda akademik hamjamiyat o‘rtasida ochiq professional muloqotni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Forumning asosiy ma’ruzachisi sifatida MIT Sloan School of Management professori, Kipr Markaziy bankining sobiq rahbari Athanasios Orphanides zamonaviy noaniqlik sharoitida pul-kredit siyosatini yuritish, tahliliy modellar va sifatli iqtisodiy ma’lumotlarning qarorlar qabul qilishdagi o‘rni yuzasidan ma’ruza qildi.

Ekspert sessiyalarida, shuningdek, Angliya banki bosh iqtisodchisi Huw Pill, University of Oxford professori Maykl Makmahon, Geneva Graduate Institute professori Cédric Tille, Hitotsubashi University professori Toshitaka Sekine, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Shveysariya Milliy banki vakillari hamda qator mamlakatlar markaziy banklari rahbarlari va mutaxassislari o‘z fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Muhokamalar inflyatsiya jarayonlarining barqarorligi, inflyatsion targetlash rejimini takomillashtirish, raqamli moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, sun’iy intellekt va yuqori chastotali ma’lumotlardan foydalanish, shuningdek, markaziy banklar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini qamrab oldi.

Plenar sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish jarayonida erishilgan natijalarni taqdim etdi. Ta’kidlanganidek, inflyatsiya 2018-yildagi ikki xonali ko‘rsatkichlardan 2026-yil may holatiga 5,5 foizgacha pasaydi, bazaviy inflyatsiya qariyb 5,7 foizni tashkil etdi. Aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari sezilarli darajada qisqardi. Shu bilan birga, depozitlar va kreditlar dollarizatsiyasi darajasining pasayishi davom etdi, bu esa milliy valyutaga hamda olib borilayotgan pul-kredit siyosatiga bo‘lgan ishonch mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Forum doirasida moliya sektorining raqamli transformatsiyasi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalarda sun’iy intellekt va mashinali o‘qitish texnologiyalaridan makroiqtisodiy tahlil, inflyatsiyani prognozlash, bank nazorati hamda to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishda foydalanish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, yangi texnologiyalarni joriy etish operatsion barqarorlikni ta’minlash, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va xatarlarni samarali boshqarish mexanizmlarini rivojlantirish bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi.

Forum ishida Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Shveysariya Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO), Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Lixtenshteyn, Polsha, Serbiya, Shveysariya, Tojikiston va Turkmaniston markaziy banklari vakillari, shuningdek, yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy ta’lim muassasalari ekspertlari ishtirok etdi.

pdf 639.5 КБ
Ayni paytda jonli ravishda yaratilgan tadbir tafsilotlari
USD = 11973.90
+64.24
EUR = 13700.54
+111.62
RUB = 154.82
+2.54
GBP = 15987.55
+98.87
JPY = 74.31
+0.43
CHF = 14905.89
+116.79
CNY = 1765.25
+11.02
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X