O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisining o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Janubiy Koreyaning Hana Bank boshqaruvchi direktori Taesun Yoon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistondagi bank tizimi holati va rivojlanish yo‘nalishlari haqida muloqot qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Koreya banklari o‘rtasidagi ishonchli va samarali munosabatlar alohida ta’kidlandi. Shuningdek, makroiqtisodiy siyosat yo‘nalishlari, O‘zbekiston iqtisodiyotining mintaqada eng tez sur’atlarda o‘sib borayotgani, mamlakatda tijorat banklari faoliyatining tashkil etilishi hamda yangi tijorat bankini ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillari bo‘yicha fikr almashildi.
Markaziy bank vakillari O‘zbekistonning joriy makroiqtisodiy holati, bank sektorini tartibga solish tizimi va xorijiy investorlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘z navbatida Hana Bank vakillari tashkilotning xalqaro tajribasi va O‘zbekiston bozoriga qiziqishi bilan bog‘liq fikrlarini bildirdi.
Tomonlar o‘zaro muloqotni davom ettirish va hamkorlik imkoniyatlarini yanada chuqurroq o‘rganish borasida kelishib oldilar.