Soʻnggi oylarda inflyatsiyaning pasayish surʼati sekinlashib, ayrim taklif omillari hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar taʼsirida narxlarga bosimlar saqlanib qolmoqda. Ichki talabning yuqori surʼatlarda oʻsishi davom etmoqda.
Markaziy bank boshqaruvi yuqori ichki talab, energiya tariflari oʻzgarishining ikkilamchi taʼsirlari hamda tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar sharoitida inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajasiga erishishi uchun qatʼiy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni zarur deb topdi.
Iyun oyida umumiy inflyatsiya tezlashib yillik 6,4 foizni tashkil etdi. Inflyatsiyaning tezlashishi asosan tartibga solinadigan energiya tariflarining oshishi hamda koʻmir narxlarining erkinlashtirilishi bilan izohlanadi.
Bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etib, soʻnggi oylarda deyarli oʻzgarishsiz shakllandi. Shu bilan birga, ikkinchi yarim yillikda tartibga solinadigan narxlar oshishining ikkilamchi taʼsirlari inflyatsiyaning barqaror tarkibiy qismlarida namoyon boʻlishi mumkin.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasaydi. Iyun oyida aholining kutilmalari 10,1 foizni, tadbirkorlar kutilmalari esa 9,9 foizni tashkil etdi.
Narxlari 5 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining koʻpayishi hamda bazaviy inflyatsiyaning pasayishdan toʻxtagani iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotgani bilan izohlanadi.
2026-yil yakunlari boʻyicha umumiy inflyatsiya prognozi 6,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolindi.
Iqtisodiyotda yuqori faollik davom etmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,5 foizga oʻsdi. Chakana savdo va xizmatlar hajmining yuqori oʻsish surʼatlari isteʼmol faolligining, investitsiyalar dinamikasi esa investitsion talabning yuqoriligi bilan ifodalanmoqda.
Mamlakatga jalb etilayotgan investitsiyalar, jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmining barqaror oshib borayotgani, shuningdek, yilning ikkinchi yarmida kutilayotgan fiskal xarajatlar iqtisodiy faollik hamda ichki talabni davomiy qoʻllab-quvvatlashi kutilmoqda. 2026-yil yakunida iqtisodiy oʻsish 7,5-8 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Global iqtisodiyotda geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi fonida jahon bozorida oziq-ovqat va xomashyo narxlarining oshishi boʻyicha xatarlar saqlanib qolmoqda. Shuningdek, savdo hamkor mamlakatlardagi yonilgʻi taklifi bilan bogʻliq uzilishlar, logistika va tashish xarajatlarining ortishi bilan birga kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.
Shu bilan birga, global inflyatsiyaning pasayish jarayoni vaqtinchalik toʻxtashi va qator mamlakatlarda pul-kredit siyosatining qatʼiylashtirilishi tashqi moliyaviy sharoitlarning avval kutilganidan uzoqroq muddat qatʼiy boʻlishi ehtimolini oshirmoqda. Bu esa tashqi moliyalashtirish sharoitlari boʻyicha noaniqliklarni saqlab qolmoqda.
Ayni paytda pul-kredit sharoitlari qatʼiy darajada shakllangan. Iqtisodiyotda real ijobiy foiz stavkalari aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlashga hamda kreditlash surʼatlarining moʻtadillashuviga xizmat qilmoqda.
Joriy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotdagi yuqori talab fonida inflyatsion bosimlarni cheklash hamda tarif oʻzgarishlarining ikkilamchi taʼsirlarini jilovlash uchun yetarli darajada qatʼiy deb baholanmoqda.
Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish va inflyatsion kutilmalarni jilovlash imkonini beradi.
Markaziy bank inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar dinamikasi, ichki talab omillari hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatib boradi va narxlar barqarorligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan pul-kredit sharoitlarini shakllantirishda davom etadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 16-sentyabr kuniga belgilangan.










