Markaziy bank rahbariyatining navbatdagi qabulida fuqarolar va tadbirkorlarning kredit to‘lovlari, qarzdorlik hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish bilan bog‘liq murojaatlari ko‘rib chiqildi. Har bir holat tegishli bank vakillari ishtirokida o‘rganildi.
Xususan, fuqarolardan biri Anorbankdan olgan mikroqarzi bo‘yicha qarzdorlikni undirish masalasida murojaat qildi. U moliyaviy holatini inobatga olib, undirish tartibini qayta ko‘rib chiqishda yordam so‘radi. Bank mas’ullari holatni qo‘shimcha o‘rganib, masalani hal etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishini bildirdi.
Yana bir murojaat Biznesni rivojlantirish bankidan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kredit olgan korxona faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi. Korxona vakili pudratchilar shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgani tufayli moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelganini ma’lum qildi. Murojaat ko‘rib chiqilib, masalani hal etishda amaliy yordam ko‘rsatilishi bildirildi.
Shuningdek, oilaviy korxona rahbari moliyaviy qiyinchiliklar sababli Biznesni rivojlantirish bankidan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun olingan kredit muddatini uzaytirishda yordam so‘radi. Qabulda ushbu holat bank mas’ullari bilan muhokama qilinib, murojaatni hal etish va tadbirkorga amaliy ko‘mak ko‘rsatish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Markaziy bank fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganish, banklar bilan hamkorlikda ularning masalalariga yechim topish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.










