O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o'rinbosari Nodirbek Achilov tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabuli o'tkazildi. Qabulda Markaziy bankning tarkibiy bo'linmalari mas'ul xodimlari, shuningdek "Ipoteka-bank" ATIB, "Anorbank" AJ va "TBC Bank" ATB rahbar xodimlari ishtirok etdi.
Qabulda fuqaro va uning vakillari tomonidan firibgarlar tomonidan ularning nomiga uchta bankdan noqonuniy ravishda rasmiylashtirilgan onlayn mikroqarzlarni bekor qilish masalasi ko'tarildi. Shuningdek, mazkur qarzdorliklarni to'lash talabi bilan tungi vaqtda qo'ng'iroqlar qilinayotgani va qarindoshlarning bezovta qilinayotgani bildirildi. Murojaatlar tegishli banklarning rahbar xodimlari ishtirokida alohida-alohida tinglanib, murojaatchilarning savollariga javob berildi.
Qabul yakunlari bo'yicha banklar tomonidan firibgarlik oqibatida rasmiylashtirilgan onlayn mikroqarzlar bo'yicha foizlar hisoblanishi hamda sud tartibida ko'rib chiqilayotgan holatlar yuzasidan berilgan axborotlar ma'lumot uchun qabul qilindi. Banklar rahbariyatiga "Bank siri to'g'risida"gi qonunga asosan qarz oluvchining qarzdorligiga oid ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etish taqiqlanganligi, shuningdek qarzdorlik to'g'risidagi telefon eslatmalarini mahalliy vaqt bilan soat 20:00 dan 8:00 gacha amalga oshirishga yo'l qo'yilmaganligi, bu talablarga amal qilinmaslik esa bankka yoki uning xodimlariga nisbatan tegishli choralar ko'rilishiga sabab bo'lishi mumkinligi ko'rsatib o'tildi.
Bundan tashqari, banklarga frod holatlarining oldini olish maqsadida amaldagi onlayn kredit ajratish tartibi va shartlarini inventarizatsiya qilish, jabrlanuvchi deb e'tirof etilgan qarz oluvchilar bilan munosabatlarni adolatli va insofli tashkil etish tavsiya etildi. Banklar zimmasiga murojaatni o'rganish hamda 15 kun muddatda natijalar va ko'rilgan choralar yuzasidan murojaat muallifiga va Markaziy bankka axborot taqdim etish vazifasi yuklatildi.










