Joriy yilning 19-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida “Inflyatsion kutilmalarni baholash va boshqarish: so‘rov metodologiyasi, empirik natijalar va markaziy banklar uchun xulosalar” mavzusida ochiq seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda pul-kredit siyosatiga oid zamonaviy yondashuvlarga qiziqish bildirayotgan keng doiradagi mutaxassislar ishtirok etdi.
Asosiy ma’ruza bilan Purdue universiteti (AQSh) qoshidagi Mitch Daniels biznes maktabining moliya professori Maykl Veber ishtirok etdi. Uning ilmiy faoliyati makroiqtisodiyot, aktivlarni narxlash, xalqaro moliya va uy xo‘jaliklari moliyasi yo‘nalishlarini qamrab oladi. Ilmiy tadqiqotlarida inflyatsion kutilmalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.
Seminar davomida professor uy xo‘jaliklari va korxonalar inflyatsiyani qanday qabul qilishi va o‘z prognozlarini qaysi signallar asosida shakllantirishiga bag‘ishlangan ko‘p yillik empirik tadqiqotlar natijalarini taqdim etdi. Bunda xaridlar jarayonidagi shaxsiy tajriba, ommaviy axborot vositalaridagi xabarlar yoki rasmiy statistika kabi turli axborot manbalarining o‘rni ko‘rib chiqildi. So‘rovlar metodologiyasiga alohida e’tibor qaratildi: ishonchli ma’lumotlarni olish uchun savollarni to‘g‘ri shakllantirish, so‘rovlarni ishlab chiqish jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan keng tarqalgan xatolardan saqlanish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, markaziy banklar kommunikatsiyasining amaliy jihatlari, jumladan, uning inflyatsion kutilmalarni boshqarish va mustahkamlashdagi roli, turli xabar formatlarining samaradorligi, bir xil xabarning kommunikatsiya kanali va axborot manbasiga qarab turlicha qabul qilinishi xususiyatlari yoritildi.
Ma’ruzada O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan tadqiqotlarning o‘ziga xos jihatlaridan biri turli respondentlar guruhlarining inflyatsion kutilmalarini o‘zaro solishtirish imkoniyati ekani ham ta’kidlandi. Maykl Veber ta’kidlaganidek: “O‘zbekiston sharoitida haqiqatan ham o‘ziga xos jihat shundaki, o‘tkazilayotgan so‘rovlar uy xo‘jaliklari, korxonalar va moliya bozori ishtirokchilarining kutilmalarini yagona yondashuv asosida aniqlash imkonini beradi, bu esa ularni bir vaqtning o‘zida bevosita solishtirish imkonini yaratadi”.
Seminar nafaqat ilg‘or xalqaro tajriba bilan tanishish uchun maydon, balki inflyatsion kutilmalarni tahlil qilish bo‘yicha mavjud yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishga turtki beruvchi muhim platforma ham bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishning samarali pul-kredit siyosatini amalga oshirishdagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mazkur yo‘nalishda yetakchi xorijiy olimlar va ekspertlar bilan hamkorlikni kelgusida ham izchil rivojlantirib, ilmiy-tadqiqot salohiyatini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.










